Parlament soʻrovida koʻtarilgan baʼzi masalalarning ijrosi toʻliq taʼminlanmagan

Yalpi majlisda senatorlar Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarini ijro etish va Toshkent viloyatidagi chegara bojxona postlari faoliyatini oʻrganish holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdi.
Parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar, xususan, Davlat bojxona xizmatiga oid qonun hujjatlarining ijrosini toʻlaqonli taʼminlash, mazkur xizmatda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, Majburiy ijro byurosi va boshqa davlat organlarining oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish hamda katta hajmli va ogʻir vaznli yuk tashuvchi transport vositalari uchun ruxsatnoma berish bilan bogʻliq amaldagi tizimda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amaliy choralar koʻrilgan.
Biroq, amalga oshirilgan ishlar bilan birga, parlament soʻrovida koʻtarilgan baʼzi masalalarning ijrosi toʻliq taʼminlanmaganligi oqibatida sohada ayrim tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.
Chegara bojxona postlari yaqinida avtotransport vositalari bilan bogʻliq tirbandliklarning oldini olish, jamoat tartibi va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha aniq mexanizm ishlab chiqilmagan.
Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida mamlakatimizdagi chegara bojxona postlarida banklar tomonidan kecha-yu kunduz valyuta ayirboshlash, pul mablagʻlarini naqd pulga almashtirish, naqd va naqdsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish terminallarini oʻrnatish choralari koʻrilmagan.
Qoʻshni davlatlar chegara bojxona postlarida doimiy ravishda yuzaga kelayotgan tirbandliklarni bartaraf etish va Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish borasida qoʻshni davlatlar bojxona xizmatlari hamda Tashqi ishlar vazirliklari orasida oʻzaro hamkorlikda zarur chora-tadbirlar koʻrilganligi yoki koʻrilishi rejalashtirilganligi haqida hech qanday maʼlumot taqdim etilmagan.
Majlisda parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

 

Nurillo Nasriyev, OʻzA