Davlatimiz rahbarining 2019-yil 11-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da 2019-2020-yillarda bajarilishi zarur boʻlgan vazifalar belgilangan.Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi qarori bilan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oilaga qabul qilayotgan nomzodlarni (fuqarolarni) tanlashga va tutingan ota-onalarni tayyorlashga qaratilgan tegishli nizomlar tasdiqlandi. “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarining 43 nafar rahbar xodimi hamda 413 nafar pedagog xodimi attestatsiyadan oʻtkazildi.
Shu bilan birga, bu yoʻnalishdagi qator kamchiliklar ham qayd etildi. Jumladan, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarning huquqiy yordam olish va sud himoyasida boʻlish huquqlari yetarli darajada taʼminlanmagan.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolganlarni “Mehribonlik” uylariga joylashtirish faqat tuman (shahar) hokimlari ixtiyorida qolib ketayotganligi ularning kelgusi taqdirini belgilashda subyektiv yondashuv hal qiluvchi omil boʻlib qolishiga olib kelmoqda. Bu esa koʻp hollarda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolganlarni patrionat yoki oilalar qaramogʻiga berish ishlari samarali yoʻlga qoʻyilishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Bu va boshqa muammolarni muhokama qilib, senatorlar bu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirdi.
Eng avvalo, qonunchilik bazasini mustahkamlash, yaʼni “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoyalash toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. Bunda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarni oilaviy hamda bolalar muasssalariga joylashtirish tartibi va shakllarini aniq belgilash muhim.
Bundan tashqari, yetim bolalarni, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan nodavlat oilaviy muassasalarga joylashtirishning huquqiy asoslarini yaratish zarurligi taʼkidlandi.
Bu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.