Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida Isroilning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Eduard Shapiro bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazov mehmonni tashrif bilan qutlab, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolboʻyi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, aholi turmush sharoitini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Bugungi kunda dunyoning koʻplab davlatlari, shu jumladan, Isroil bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion va boshqa sohalarda hamkorlik rivojlanmoqda. Ayniqsa, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlik ijobiy samara berayotir. Suvdan tejamli foydalanish orqali ekin maydonlaridan yuqori hosil olish boʻyicha Isroil tajribasi Orolboʻyi hududi uchun dolzarb hisoblanadi.
Oʻz navbatida elchi samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. Kelgusida aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishni yuksaltirish, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, ekologik muammolarni bartaraf etish borasida hamkorlik qilish istagini bildirdi.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA