Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisida Prezidentimiz ishtirok etib, yangi tarkibdagi Senat aʼzolarini yuksak nomga sazovor boʻlgani bilan samimiy tabriklagan va senatorlar oldida turgan vazifalar xususida toʻxtalib oʻtgan edi.
Ikkinchi yalpi majlisda 10 ga yaqin qonun hujjatlari koʻrib chiqilishi kutilmoqda. Senat aʼzolari ichki ishlar va tashqi ishlar vazirlarining 2019-yilda tizim faoliyatiga doir axborotlarini eshitadi.
Yalpi majlis ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va nogironlikni aniqlash masalalari yuzasidan parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadilar.
Shuningdek, yalpi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga avval yuborilgan parlament soʻrovlari natijalarini ham muhokama qilish nazarda tutilmoqda.
Taʼkidlash joizki, ikkinchi yalpi majlisda yangi senatorlar qonun muhokamalariga birinchi bor kirishadi. Xoʻsh, ular bu ishni qanchalik uddalashadi? Buni kuzatamiz.
N.Nasriyev, OʻzA