“Oʻzbegim ayoli – 2020” Milliy mukofoti taqdirlash marosimi oʻtkazildi

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
 

Poytaxtimizning Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida “Oʻzbegim ayoli – 2020” Milliy mukofotini tantanali topshirishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Shu munosabat bilan teatr saroyiga vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlarining vakillari, onaxonlar, turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar taklif etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva, Milliy mass-mediani rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi vasiylik kengashi raisining oʻrinbosari S.Mirziyoyeva ayollarga hurmat va ehtirom koʻrsatish, ularning ogʻirini yengil qilish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalari davlatimizning doimiy eʼtiborida boʻlib kelayotganini taʼkidladi.

Yurtimizda ayollarni qoʻllab-quvvatlashga oid loyihalar, ijodiy tanlovlar, nainki onajonlar bayrami arafasida, balki muntazam oʻtkazilishi yaxshi anʼanaga aylangan.

Aslida sogʻu bemorligiga qaramay, oilasi, muqaddas qoʻrgʻoni, farzandu nevaralari atrofida doimiy posbondek girdikapalak boʻlgan, ularni oq yuvib oq taragan, umrini roʻzgʻorning bitmas-tuganmas tashvishlariga bagʻishlagan mushfiq onaxonlarimiz, munis ayollarimiz, chehrasidan nur yogʻiluvchi buvijonlarimizning bari qahramon.

“Milliy” telekanali mamlakatimizning barcha onaxonlari, ayollariga hurmat va ehtirom koʻrsatgan holda, har yili “Oʻzbegim ayoli” Milliy mukofoti uchun tanlov-taqdimotni muvaffaqiyatli oʻtkazib kelmoqda.

Joriy yilda mazkur mukofot uchun boʻlib oʻtadigan tanlovga mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qilayotgan 100 nafardan ortiq ayolning hujjatlari taqdim etildi. Tanlov gʻoliblarini aniqlashda ularning ibratli faoliyati, fidoyiligi, namunali ezgu amallariga asosiy eʼtibor qaratildi. Hakamlar xulosalariga koʻra, ularning oʻn bir nafari gʻolib deb topildi.

“Samimiy ayol“ nominatsiyasi gʻolibi Sabohat Jalolova turmushning turli sinovlarini matonat bilan yengib keladi. Sabri sinovlarda toblangan ayol oʻzgalarga koʻmaklashishdan charchamaydi. U Bahodir Jalolovdek boks boʻyicha chempionning onasi.

Yana bir chempion Murodjon Ahmadaliyevning onasi – Oyshaxon Fayozova ham mazkur nominatsiyaning gʻolibi. Onaxon oʻttiz yildan ortiq oʻqituvchi boʻlib ishlab, endilikda mahalla fuqarolar yigʻini yarashtiruv komissiyasi tarkibida faoliyat koʻrsatmoqda. U koʻplab notinch oilalarning ajralishiga yoʻl qoʻymadi. Ehtiyojmandlarni uy-joy, ish bilan taʼminlashga munosib hissa qoʻshmoqda.

“Sabrli ayol“ nominatsiyasi gʻolibi Lola Rahmonova dunyoni qalb koʻzi bilan koʻrsa-da, beshta tilni biladi.

“Irodali ayol“ nominatsiyasi sohibasi Nilufar Ahmedova matonatini hayotning hech qaysi sinovlari sindira olmagan. Endilikda Nilufar suzish boʻyicha Oʻzbekiston chempioni.

“Dovyurak ayol“ yoʻnalishi gʻolibi Kalbike Jiyemuratova qanchadan- qancha chaqaloqlarning sogʻ-omon dunyoga kelishini taʼminlagan. Doyalikdek gʻoyat qaltis kasbda ona va bola hayotini asrashni muqaddas burch, deb biladi.

– Ellik bir yildan beri shu sohada mehnat qilmoqdaman, – dedi K.Jiyemuratova. – Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bizning Moʻynoqda ham misli koʻrilmagan oʻzgarishlar olib borilmoqda. Bularning barchasi qalbimizga iftixor bagʻishlaydi.

Tadbirda yana bir guruh fidoyi ayollarimiz turli nominatsiyalar boʻyicha gʻolib boʻldilar.

Tadbirda mukofot sohibalariga maxsus statuetka, diplom va esdalik sovgʻalari tantanali topshirildi. Maftunkor bahor sogʻinchi, jonajon Vatanimiz, munis onajonlarimiz madh etilgan kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.

 

Nazokat USMONOVA, Otabek MIRSOATOV (surat), OʻzA