Nukusni kesib oʻtuvchi “Qattagʻar” kanali 33 yildan soʻng qayta qazilmoqda

Ayni kunlarda Nukus shahrini kesib oʻtuvchi ikkita yirik kanalning biri, xalq tilida “Qattagʻar” deya nomlanuvchi “Anasay” magistral kanalida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
Oʻtgan yil boshlangan qazish ishlari hozir Nukus shahri markazini kesib oʻtuvchi qismida davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda kanalning qazilishi koʻplab fuqarolarning qiziqishini oshirdi.
Kanal 1986-yilda qazilib, foydalanishga topshirilgandan buyon shu paytgacha qayta qazilmagan. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining xabar berishicha, kanalning qazilishiga asos suvning kam oʻtayotganidadir.
Kanalning umumiy uzunligi 13,5 kilometrni tashkil qiladi. Mazkur kanal loyiha boʻyicha sekundiga 342 metr kubgacha suv oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlgan. Ammo kanal qurilganidan buyon – qariyb 33 yildan buyon qazib tozalanmaganligi, yillar davomida loyqa suv oqib turishi tufayli kanal oʻzani bir necha barobar kichraygan. Oqibatda hozirgi kunga kelib, kanalning oʻrtacha suv oʻtkazish qobiliyati sekundiga 100 metr kubgacha pasaygan.
“Anasay” magistral kanalida qazish ishlari yakunlangach suvdan foydalanish koeffitsiyenti 30 foizdan 85 foizgacha oshadi.
Aholining tomorqa maydonlari, fermer xoʻjaliklarining ekin maydonlari umuman olganda isteʼmolchilarga suv yetkazib berish sifati yaxshilanadi. Mazkur kanalda olib borilayotgan qazish ishlari hudud atrofidagi sugʻoriladigan ekin maydonlarining meliorativ holati yaxshilanishiga, hosildorlik gektariga 3-4 sentnerga oshishiga xizmat qiladi.
2019-yilda “Anasay” magistral kanalida bosqichma-bosqich rekonstruksiya ishlari boshlanib, belgilangan loyiha asosida yil yakunigacha 4 milliard 207 million soʻmlik ishlar bajarilgan.
Hozirgi kunda Suv xoʻjaligi vazirligiga qarashli “Kattagar-Bozatau” irrigatsiya tizimlari boshqarmasi tasarrufidagi “Anasay” magistral kanalida “Bunyodkor meros” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qazish va rekonstruksiya ishlari jadal olib borilmoqda. Tegishli davlat dasturiga muvofiq mazkur kanalning joriy yilda qazish va rekonstruksiya ishlariga 3 milliard 900 million soʻm mablagʻ ajratilgan. Bu ishga jami 37 ta zamonaviy texnika jalb qilingan. Shuningdek, texnikalarni boshqarayotgan 60 nafar mexanizatorga obyekt qoshida shtab tashkil qilingan boʻlib, ularning samarali ishlashi uchun yetarlicha sharoitlar yaratilgan.
“Anasay” magistral kanali orqali Nukus shahri, Nukus va Boʻzatov tumanlaridagi jami 51 ming 498 gektar sugʻoriladigan ekin maydonlarga suv yetkazib beriladi. Kanaldagi qazish ishlari yakuniga yetgach, fermer xoʻjaliklaridan tashqari hududdagi aholi tomorqalari va chorvachilik yaylovlarini ham suv bilan taʼminlash imkoniyati yana-da oshishi kutilmoqda.

 

Y. QANOATOV, M. HABIBULLAYEV (surat), OʻzA