Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, Nukus shahri umumtaʼlim maktablarining bitiruvchi sinf oʻquvchilari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasida taʼkidlanganidek, nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz aʼzolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-maʼrifat, yuksak maʼnaviyat kerak. Ilm yoʻq joyda qoloqlik, jaholat va albatta, toʻgʻri yoʻldan adashish boʻladi.
Har jihatdan puxta tuzilgan test talabalikka daʼvogarlarning tafakkurini, bilim darajasini, saviyasini xolisona baholay oladi. Test tizimi oʻtgan yillar mobaynida ilgʻor xorijiy mamlakatlar tajribasidagi eng yaxshi jihatlarni oʻziga singdirgan holda takomillashib keldi. Har yili respublikamizning koʻp sonli yoshlari oʻzlarining yuksak umid va hayotiy rejalarini roʻyobga chiqarish maqsadida oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun hujjat topshiradi.
Oʻtgan oʻquv yilida davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga qabul test sinovlari jarayonlari, koʻpchilik eʼtirof etganidek, ancha shaffof, oshkora va adolatli oʻtdi. Bu eng avvalo hukumatimiz rahbariyatining ushbu sohada olib borayotgan oqilona siyosati, islohotlari natijasidir.
Joriy oʻquv yili uchun kiritilgan oʻzgarish va yangiliklarga toʻxtaladigan boʻlsak, avvalgi yillarda abituriyent hujjat topshirish, ruxsatnoma olish, test sinovida qatnashish uchun bir necha marta oliy taʼlim muassasasiga borishi shart edi. 2019-yildan boshlab roʻyxatdan oʻtishda eksterritoriallik tamoyili joriy qilindi. Natijada abituriyentlarga yashash joyi yoki oliy taʼlim muassasasi joylashgan hududdan qatʼi nazar, oʻz hududidagi davlat xizmatlari markazlari yoxud oʻziga yaqin OTMda roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratildi.
2020/2021 oʻquv yili uchun esa mazkur jarayonni yana-da takomillashtirib, abituriyent xohlagan joyda (masalan, uyida yoki taʼlim muassasasida va h.k.) Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali oʻz hujjatlarini roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyati yaratilmoqda.
Fanlar majmuasi, testlar soni va baholash mezoni 2019-yilning 19-dekabr kuni Taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining 11-son bayoni bilan tasdiqlandi. Jumladan, har bir fan boʻyicha savollar soni ham tasdiqlab berildi. Bunda majburiy fanlar: ona tili (oʻzbek, rus yoki qoraqalpoq tillari), matematika va Oʻzbekiston tarixi fanlarining har biridan 15 tadan savol beriladi. Jami boʻlib majburiy fan blokida 45 ta savol boʻladi.
Ilgari test savollariga 1.1, 2.1, 3.1 ballar berilgan boʻlsa, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab majburiy fanlar boʻyicha berilgan har bir toʻgʻri javob uchun bir xil – 2.1 ball beriladi. Abituriyent majburiy blokdagi 45 ta savolning barchasiga toʻgʻri javob bergan taqdirda 94.5 ball oladi.
Test sinovlarida mutaxassislikka oid 2 ta fandan savol boʻladi. Har bitta fandan 30 tadan savol berilgan boʻlib, ikkala fan boʻyicha berilgan toʻgʻri javob 3.1 ball bilan baholanadi. Bitta fan boʻyicha maksimal 93, ikkita fan boʻyicha esa 186 ball toʻplash mumkin. Shu tariqa beshta fandan beriladigan barcha 105 ta savolga toʻgʻri javob berilgan taqdirda 280.5 ball toʻplash mumkin boʻladi.
Majburiy fanlar boʻyicha test topshiriqlarining namunalari 2019-yilning 22–30-oktyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Buxoro, Jizzax, Namangan, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi akademik litsey va maktablarning bitiruvchilari ishtirokida aprobatsiyadan oʻtkazildi. Shuningdek, majburiy fanlardan shakllantirilgan test topshiriqlari onlayn aprobatsiyadan oʻtkazish ishlari ham tashkil etildi. Mazkur jarayonda qatnashish istagini bildirgan talabgorlarga DTM rasmiy sayti orqali majburiy fanlar boʻyicha test topshiriqlari namunalarini olish va aprobatsiyada ishtirok etish, bu orqali oʻz bilimlarini sinab koʻrish imkoniyati yaratildi.
Soʻnggi yillarda abituriyentlarda kirish imtihonlariga tayyorlanganda, asosan 2 ta yoki faqat birinchi blokdagi fanni yaxshi oʻzlashtirib, talaba boʻlaman, degan dunyoqarash shakllanib qoldi.
Yangiliklardan asosiy maqsad, oʻquvchilarning faqatgina bir fanni oʻrganib, oliy taʼlim muassasasiga kirishini emas, balki ularning dunyoqarashi kengayishiga yoʻnaltirilgan. Endilikda ularning umumtaʼlim maktablarida oʻqitiladigan fanlarni bir xilda oʻrganib borishlari talab qilinadi. Bu oʻquvchining maktab fanlarini oʻrganishiga. shuningdek, tavakkalchilikning oldini olishga ham qaratilgan.
Qoʻshimcha 3 ta fandan test topshirilishi koʻpchilikka yangilik va juda qiyin deb qaraladi. Biroq majburiy fanlar boʻlimidagi test topshiriqlari, birinchi navbatda, oʻquv dasturlari boʻyicha oddiy turda, abituriyentning umumiy savodxonligi, mantiqiy fikrlashi va tayanch bilimlari baholashga yoʻnaltirilgan birinchi qiyinchilik darajasida boʻladi.
Albatta, oʻquvchilar yuqori sinflarda chuqurlashtirilgan holda oʻziga kerakli fanni oʻrganishi mumkin. Ammo har bir oʻquvchi umumtaʼlim maktabida belgilangan dasturni oʻrganib, toʻlaqonli har tomonlama rivojlangan boʻlib maktabni bitirishi zarur. Mana shu nuqtayi nazardan, xorijiy tajribani oʻrgangan holda va bitiruvchilarimizning dunyoqarashi har tomonlama keng boʻlishi lozimligini inobatga olib, oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlariga majburiy fanlar boʻlimi qoʻshildi.