Poytaxtimizdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida Mayami-Bich shahrida (AQSh) professional boksning WBA va IBF yo‘nalishlari bo‘yicha yarim yengil vazn toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Murodjon Ahmadalievni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.Abduvohidov, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, boks federatsiyasi raisi O.Ramatov, jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiev, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi R.Shoabdurahmonov, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, sport federatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, buning samarasida O‘zbekistonda ko‘plab sport turlari kabi havaskor va professional boks ham yoshlar o‘rtasida jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi.
Bugungi kunda o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilari sport olamining barcha nufuzli musobaqalari – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori natijalarga erishayotir. Jumladan, 2019 yili Rossiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida terma jamoamiz 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi va umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Kuni kecha esa Florida shtatidagi Mayami-Bich shahrida (AQSh) Murodjon Ahmadaliev jahon boks uyushmasi – WBA va xalqaro boks federatsiyasi – IBF yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionligi kamarini qo‘lga kiritib, O‘zbekistonimizning nomini dunyoga yana bir karra yuksaltirdi.
Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Mayami shahrida professional boks bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqada yuksak azmu shijoat va mahoratini namoyon etib, yurtimiz boks sporti tarixida ilk marotaba WBA va IBF yo‘nalishlarida g‘alaba qozonib, rekord natijani qayd etgani hamda yoshlarimizga ibrat namunasini ko‘rsatib, ular ongida milliy g‘urur, ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirish borasidagi katta xizmatlari uchun boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Ahmadaliev Murodjon Qahhor o‘g‘liga “O‘zbekiston iftixori“ faxriy unvoni berildi.
– Prezidentimizning sportchilarga bildirayotgan katta ishonchi, murabbiylarning maslahati va qo‘llab-quvvatlashi sabab o‘g‘lim Murodjon professional boks bo‘yicha jahon chempioniga aylandi – dedi Oysha Fayozova. – Davlatimiz rahbarining farzandim mehnatlarini yuqori baholagani va unga bo‘lgan ishonchi bilan faxrlanaman.
Muzaffar sportchimizni rag‘batlantirish maqsadida davlatimiz rahbari nomidan Toshkent shahrida joylashgan xonadon kaliti va “Chevrolet Tracker” avtomobili topshirildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov so‘zga chiqdi.
J.TOShXO‘JAEV, M.AMIN (surat), O‘zA