Futbolchilarimiz Rossiya va Bolgariya termasiga qarshi maydonga tushadi

Joriy yilning oktabr oyida mamlakatimizda 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempionatining final bosqichi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur musobaqada Temur Kapadze boshchiligidagi yoshlar terma jamoamiz a’zolari ishtirok etadi. Futbolchilarimiz chempionatga tayyorgarlikni allaqachon boshlab yuborgan.
Jumladan, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi har oy yig‘inlar tashkil etmoqda. Navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini ertaga, 29 yanvar kuni boshlanadi. Unda yosh futbolchilarimiz ikki kun davomida Toshkentda mashg‘ulotlar olib boradi va so‘ngra 31 yanvarda Turkiyaga yo‘l oladi.
Turkiyada tashkil etiladigan yig‘in 12 fevralga qadar davom yetadi. Ushbu vaqt oralig‘ida Temur Kapadze shogirdlari 5 ta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi.
Dastlab, terma jamoamiz 2-6 fevral kuni Bolgariya terma jamoasi (U-19) bilan kuch sinashsa, 4 fevralda “Levski Sofiya”ni (Bolgariya) sinovdan o‘tkazadi. 8 fevral kuni esa Ukrainaning “Shaxtyor” (U-21) klubi bilan raqobatlashadi. Futbolchilarmiz so‘nggi o‘yinida 11 fevral Rossiya termasiga ( U-19) qarshi maydonga tushadi.

 

Javohir TOShXO‘JAEV, O‘zA