Toshkent xalqaro investitsiya forumi yuqori saviyada oʻtadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumini yuqori saviyada tashkil etish masalasi boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Oxirgi yillarda mamlakatimizda investitsiya muhiti yanada yaxshilandi. Bu boradagi qonunchilik yangilanib, investorlar uchun huquqiy kafolatlar mustahkamlandi.

Oʻtgan Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida investitsiyalar hajmi sezilarli darajada oshdi. Ayniqsa, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018-yilgiga nisbatan 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobar oʻsdi.

Davlatimiz rahbari kuni kecha Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida iqtisodiyotni yuqori surʼatlar bilan rivojlantirish uchun faol investitsiya siyosati izchil davom ettirilishi, joriy yilda oʻzlashtiriladigan investitsiyalarning salmoqli qismi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalar va kreditlar boʻlishini alohida qayd etdi.

Xususan, 2020-yilda mamlakatimiz iqtisodiyotiga 5,8 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish belgilangan. Shu maqsadda mart oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Forumning asosiy maqsadi iqtisodiyot drayverlari hisoblangan energetika, mashinasozlik, elektrotexnika, axborot texnologiyalari, toʻqimachilik, qishloq hoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati, qurilish sohalari hamda hududlarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni kengaytirishdir.

Yigʻilishda ushbu anjumanni yuqori saviyada tashkil etish uchun aniq tashkiliy vazifalar belgilab berildi.

Xususan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tarmoq va hududlar rahbarlari bilan birga xorijiy investorlarga taklif etiladigan istiqbolli loyihalar boʻyicha taqdimot materiallari tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

Hududiy loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xorijiy investorlar oʻrtasida bevosita hamkorlik oʻrnatishga alohida eʼtibor qaratish kerakligi taʼkidlandi.

Tashqi ishlar vazirligiga yetakchi xorijiy kompaniyalar, xalqaro moliya tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini forumga jalb etish boʻyi cha koʻrsatmalar berildi.

Anjuman oʻtkaziladigan joylarni yuqori saviyada tayyorlash, uni ommaviy axborot vositalarida keng targʻib etish va yoritib borish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Mutasaddilar forumga tayyorgarlik ishlari va erishilishi moʻljallanayotgan kelishuvlar haqida hisobot berdi.

 

O’zA