MDH mamlakatlari rahbarlarining norasmiy sammiti boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining norasmiy majlisida ishtirok etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin kutib oldi.
Ikki davlat rahbarlarining suhbati boʻlib oʻtdi, unda ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlik istiqbollari, xalqaro ahamiyatga molik masalalar muhokama qilindi.
MDH norasmiy sammitida Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldova, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ham ishtirok etdi.
Koʻp tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, jumladan, 2020-yilda Hamdoʻstlikda Oʻzbekiston raisligining ustuvor yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.
Shu bilan davlatimiz rahbarining tashrifi yakunlandi. Prezident Toshkentga joʻnab ketdi.

 

OʻzА