O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamkorligida Chimboy, Beruniy tumanlari va Nukus shahrida “Davlat ob’ektlari yarmarkasi” o‘tkazildi.
Tadbirda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xodimlari, “Elektron onlayn-auksionlarini tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi, korxona, tashkilot rahbarlari, kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yarmarkalarning ochilish marosimida ta’kidlanganidek, Orolbo‘yi tabiiy resurslar va keng iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlari bilan boshqa hududlardan ajralib turadi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keng imkoniyatlarga ega hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va investitsiya muhitini yaxshilash borasida yuksak natijalarga erishilmoqda.
Tadbir doirasida tashkil etilgan brifingda tadbirkorlarga va ommaviy axborot vositalari vakillariga davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayoni, ularni savdolarga chiqarish va sotish tartibi, “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida ro‘yxatdan o‘tish va unda joylashtirilgan lotlar bo‘yicha savdolarda ishtirok etish tartib taomillari yuzasidan tushunchalar berildi.
Yarmarkada elektron auksion savdolarga chiqarilgan 9 ta davlat mulki ob’ekti, jami 66,94 gektar maydondan iborat 582 ta yer uchastkasi, ijara asosida foydalanish uchun 22 ta davlat ob’ekti, sotilishi belgilangan 5 ta korxonaning davlat ulushi, kichik sanoat zonalari va erkin iqtisodiy zonalardagi bo‘sh turgan ob’ekt va yer maydonlari taklif etildi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 11 oktabrdagi “Davlat mulki ob’ektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik sub’ektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni asosida joriy yilning 11 oyi davomida bo‘sh turgan 74 ta davlat mulki ob’ekti “Ye-ijro auksion” yagona elektron savdo maydonchasiga chiqarilib, shundan 65 tasi 457 million so‘mga 21,8 milliard so‘m investitsiya kiritish va 461 ta yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan tadbirkorlarga sotildi. Ushbu investorlar tomonidan bugungi kunga kelib mazkur ob’ektlarga 963,4 million so‘m miqdorida investitsiya kiritildi. Ayrimlari esa majburiyatlarini muddatidan oldin bajarib, shartnomada belgilangan faoliyatni yo‘lga qo‘ydi va ish o‘rinlari yaratdi.
Shuningdek, 7 ta ob’ekt 27,7 milliard so‘m va 4,2 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish hamda 173 yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali tadbirkorlarga berildi. Natijada investorlar tomonidan aholi uchun foyda keltiradigan yirik loyihalar ishga tushirilmoqda. Misol uchun, Nukus shahrida joylashgan, tashlandiq holga kelib qolgan «Kommunal issiqlik markazi» DUK balansidagi «RK-2-sonli qozonxona» bino va inshootlari “TITAN DSZ” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish sharti bilan «nol» xarid qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratildi. Investor tomonidan 11,2 milliard so‘m hajmida investitsiya kiritildi. Xitoydan 715 ming AQSh dollarlik texnologiya keltirildi va 30 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Mazkur korxonada yarim avtomat kir yuvish mashinalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
–Yarmarkalarni tashkil etishdan maqsad, mavjud resurslardan foydalanish, bo‘sh turgan ob’ektlar negizida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni tashkil etishdan iborat, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ajiniyoz Mnajov. – Eng asosiysi, tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish va yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi bandligini ta’minlashdir.
Darhaqiqat, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etilgan. Mazkur tadbirlar bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.

 

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA