Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazov, Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.Shermatov, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi A.Saʼdullayev, Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori S.Boboxoʻjayev va boshqalar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan taʼlim sohasini isloh qilish, qobiliyatli bolalarni qoʻllab-quvvatlash, ular uchun shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar oʻz samarasini berayotganini taʼkidladi.
Taʼkidlanganidek, xalqimizga xos fazilatlardan biri farzand tarbiyasi, uning yetukligi, baxt-saodati uchun yashash hamda mehnat qilishdir. Zero, oʻgʻil-qizining yutuqlarini koʻrish ota-ona uchun ulkan baxt.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 2018-yilning 15-16-noyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifida barcha sohalar kabi taʼlimga ham alohida eʼtibor qaratib, yurtimizning har bir hududida bittadan yangi tipdagi Prezident maktablarini tashkil etish, buni Qoraqalpogʻistondan – Nukus shahridan boshlashni taklif etgan edi. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 20-fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida bugungi kunda Toshkent, Namangan, Xiva shaharlarida boʻlgani kabi Nukus shahrida Prezident maktabi ochildi.
Maktabda birinchi qoʻngʻiroq chalinib, dastlabki darslar boshlandi.
Taʼkidlash joizki, mazkur maktab qurilishi uchun mahalliy byudjetdan 67 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Xususan, zamonaviy loyiha asosida 168 oʻringa moʻljallangan ikki qavatli oʻquv binosi, shuncha oʻringa moʻljallangan uch qavatli yotoqxona, barcha qulayliklarga ega mehmonxona, sport zallari, basseyn, oshxona, darsxonalar oʻquvchilarga xizmat qiladi. Barcha zarur jihozlar Xitoy va Turkiyadan keltirildi.
Maktabda oʻquv jarayonlari qoraqalpoq, oʻzbek tillarida, shuningdek, STEAM taʼlim dasturi asosida olib boriladi. Matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari fanlari Buyuk Britaniyaning Cambridge University tashkiloti dasturi asosida ingliz tilida oʻqitiladi. Mahalliy oʻqituvchilar bilan birga Keniyadan, Buyuk Britaniyadan va Janubiy Afrikadan sakkiz nafar mutaxassis taklif etildi.
Joriy yilda maktabga 7 ming 500 oʻquvchi hujjat topshirgan boʻlsa, shundan iqtidorli 144 oʻquvchi Kembridj universiteti xalqaro imtihon boʻlimining tajribali mutaxassislari tomonidan tanlab olindi. Har bir sinfda ikki guruhga boʻlingan holda 12 oʻquvchidan jami 24 oʻquvchi bilim oladi.
– Ushbu oʻquvchilar safida maktabga qabul qilinganimdan xursandman, – deydi Amudaryo tumanidan Shahriyor Shomurodov. – Bu yerda chuqur bilim olishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Kelgusida Prezidentimiz bizga bildirgan ishonchni oqlashga harakat qilaman.
Tadbir qatnashchilari Prezident maktabida oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.