Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani “Qozoqdaryo” ovul fuqarolar yig‘ini hududida 9-maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi hamda suvni chuchuklashtiruvchi nasos stansiyasi foydalanishga topshirildi.
Prezidentimizning joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar ijrosi bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida joriy yilning 20-21 avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida Mo‘ynoq tumanini iqtisodiy rivojlantirish, Orol fojiasidan aziyat chekkan hudud aholisi hayotini yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilab bergan edi.
O‘tgan davr mobaynida hukumatning tumanni jadal kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturi bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.
Joriy yilning Investitsiya dasturiga kiritilgan 90 o‘ringa mo‘ljallangan 9-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining ikki qavatli, barcha qulayliklarga ega binosi “Yorqin qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan qurib bitkazildi. Buning uchun 2 milliard 800 million so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. Hududda yaqin kunlarda 7-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Mazkur ovul fuqarolar yig‘inining “Mo‘yten” aholi punktidagi suvni chuchuklashtiruvchi nasos stansiyasining ishga tushirilishi ham mahalliy aholi uchun tuhfa bo‘ldi. Yangidan qurib bitkazilgan stansiya 520 ta xonadonni toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydi. Shuningdek, Yernazar va Kenes ovullari hududlarida suv tarmoqlarini ta’mirlash ishlari yakuniga yetdi. Mazkur inshootda “Nukus qipchak qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan 1 milliard 956 million so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA