Qoraqalpogʻistonda Germaniya bilan hamkorlikda tibbiy konsultativ diagnostika markazi tashkil etildi

Bugungi kunda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, aholiga zamonaviy tibbiy-sanitariya, profilaktika, diagnostika, shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishning yaxlit va mukammal tizimini takomillashtirish borasida keng miqyosli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, ushbu sohada diagnostika va davolashning zamonaviy uslublarini amaliyotga izchil tatbiq etish maqsadida ilgʻor mamlakatlarning tajribalardan keng foydalanish, mahalliy shifokor va mutaxassislarning malakasini oshirishda dunyoning nufuzli tibbiyot markazlari hamda klinikalari bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Mamlakatimizning Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi ham bu borada bir qator ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, elchixonaning bevosita tashabbusi bilan Germaniyaning yirik klinikalari hamda tibbiy texnikalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalari hamkorligida Nukus shahridagi U. Xolmuradov nomli respublika koʻp tarmoqli tibbiyot markazi qoshida “ Germaniya-Oʻzbekiston tibbiy konsultatsiya va diagnostika markazi” tashkil etildi.
Ushbu Markaz uchun Germaniyaning “Heinemann Medizintechnik” va “Greiner” kompaniyalari tomonidan begʻaraz yordam sifatida ajratilgan quloq, ogʻiz, burun kasalliklarini davolashda qoʻllaniladigan, shuningdek jarrohlik amaliyotlarini bajarishda foydalaniladigan zarur tibbiy uskunalar yetkazib berildi. Shu bilan birga Germaniyaning “KfW” bankining imtiyozli krediti asosida MRT apparati ham olindi, nemis klinikalari vrachlari bilan telemeditsina asosida konsultatsiyalar oʻtkazish uchun maxsus xona jihozlandi.
Taʼkidlash joizki, elchixona tomonidan shu yil Rostok universiteti Jarrohlik klinikasining koʻkrak jarrohligi boʻlim boshligʻi, doktor R.Orterning Nukusdagi ushbu Markazga tashrifi tashkil etilgan edi. Germaniyalik vrach 4 kun davomida oʻzbek hamkasblari ishtirokida bu yerda 6 marotaba jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi, 15 dan ortiq bemorni tibbiy konsultatsiyadan oʻtkazdi.
Shu kunlarda Nukus shahridagi U.Xolmuradov nomli respublika koʻp tarmoqli tibbiyot markazi qoshida tashkil etilgan ushbu “ Germaniya-Oʻzbekiston tibbiy konsultatsiya va diagnostika markazi”ning tantanali ochilish marosimi oʻtkazilishi rejalashtirilayotir.
Tadbir doirasida nemis kompaniyalari hamkorligida yangi markazni tibbiy jihozlar bilan yanada boyitish imkoniyatlari, nemis klinikalari bilan aloqalarni kengaytirish, birgalikda telemeditsinani keng qoʻllash, vrachlarning Germaniyada malaka oshirishlarini tashkil etish kabi masalalar muhokama etiladi. Shu bilan birga markazning ochilishida ishtirok etadigan germaniyalik vrachlar maʼlum muddat davomida mahorat-darslari oʻtib oʻzimizning shifokorlar bilan birgalikda bemorlarni bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazishi rejalashtirilgan.

 

OʻzA