Adliya vazirligida “family day” tadbiri

Qoraqalpogʻiston RespublikasiAdliya vazirligida “Family day” (Oila kuni) loyihasi doirasida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda vazirlik xodimlarining oila aʼzolari, farzandlari ota-onalari ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, “Adliya vaziri bilan uchrashuv”, “Siz sevgan sanʼatkor”, “Sportchilar bilan tanishamiz”, “Oʻynaymiz- oʻrganamiz” kabi uchrashuv va viktorinalar boʻlib oʻtdi. Jumladan, “Adliya vaziri bilan uchrashuv” tadbiri davomida bolajonlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
“Ertaklar- yaxshilikka yetaklar”. Bu bejiz aytilgan emas. Chunki bolalarimiz kitob oʻqish, ertak eshitish orqali yaxshilik va yomonlik, toʻgʻrilik va yolgʻon, tartib-intizom kabi tushunchalarni oʻzlarida shakllantiradi. Tartib-intizom esa huquqiy madaniyatning asosiy mezoni hisoblanadi. Qoraqalpoq davlat Qoʻgʻirchoq teatri jamoasi tomonidan tayyorlangan spektaklning asosiy gʻoyasi ham shu.
– Tadbirni oʻtkazishdan asosiy maqsad, xodimlarning oila aʼzolarini faoliyatimiz bilan tanishtirish, oʻzaro doʻstona munosabatni yanada mustahkamlash hamda ularning madaniy dam olishini taʼminlashdan iborat, – deydi Qoraqalpogʻiston RespublikasiAdliya vazirligi yetakchi maslahatchisi Nasiba Qutlimuratova. – Shu orqali yosh avlod ongida adolat, tartib, qonun tushunchalarini hosil qilish, shuningdek, ularda huquq sohasiga qiziqish uygʻotiladi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga vazirlikning esdalik sovgʻalari topshirildi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA