Istiqbolli hamkorlik yanada takomillashadi

Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er ikki kunlik tashrif bilan Orolbo‘yida bo‘ldi.
Mehmonni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Yerniyazov qabul qilib, Prezidentimiz tashabbusi bilan Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududda ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, xorijiy investorlarni jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, Turkiya qurilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, turizm va boshqa sohalarda jahonda yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham, yangidan barpo etilayotgan «Nukus Siti» qurilishida, aholi salomatligini mustaxkamlashda hamkorlik ikki tomonlama ijobiy samara beradi. Jumladan, o‘tgan yili «O‘zbekiston-Turkiya salomatlik haftaligi» doirasida turkiyalik shifokorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi va zarur bemorlarga jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdi.
Qabul marosimida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining (TIKA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi koordinatori Ali Ixsan Chag‘lar elchi bilan birga bo‘ldi.
Turkiyalik rasmiy mehmonlar Mo‘ynoq tumanida, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida, Nukus shahridagi respublika bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘ldi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Qoraqalpoq davlat universitetining Turkiya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Otaturk universiteti bilan Mevlana dasturi asosida 2019/2020 o‘quv yilida talabalar almashinuvi bo‘yicha hamkorlik Memorandumi imzolangan.
Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) mutaxassislari tomonidan Orol bo‘yi tibbiyot muassasalari shifokorlarining malakasini oshirish uchun o‘quv-seminari tashkil etilgan edi. Tadbirda ushbu o‘quv-seminarni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga sertifikatlar topshirildi.
Mehmonlar I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyi kabi diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi.

 

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA