Saylovga munosib hozirlik koʻrilmoqda

Saylov – 2019
 
Nukusda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashining navbatdagi konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
Unda partiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashining hisobot davridagi faoliyati yakunlari tanqidiy ruhda tahlil etilib, partiyaning keyingi faoliyatidagi ustuvor vazifalar, chora-tadbirlar belgilab olindi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar, partiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga partiyadan saylangan deputatlar, konferensiya delegatlari ishtirok etdi.
Kun tartibida Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashining hamda Nazorat-taftish komissiyasining hisobot davridagi faoliyati, 2019-yilda 22-dekabrda boʻlib oʻtadigan saylovlarda munosib ishtirok etishi va Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining syezdiga delegatlar saylash masalalari koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish yoʻlida ulkan qadamlar tashlandi. Bu jarayonda mazkur partiya ham faol ishtirok etib, ijtimoiy-siyosiy masalalarda oʻzining qatʼiy pozitsiyasini koʻrsatdi.
Bugungi kunga kelib, partiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshlangʻich partiya tashkilotlari soni 631 ta, partiya aʼzolari soni esa 18 ming 858 nafarni tashkil qilmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesidagi fraksiya aʼzolari soni 15 nafar, Xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlarida 80 nafar, jami 95 nafar deputat faoliyat olib bormoqda. Oʻtgan hisobot davrida elektorat manfaatlarini himoya qilish maqsadida Joʻqorgʻi Kenges va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar 1274 deputatlik soʻrovini amalga oshirdi. Partiya deputatlik guruhlari tomonidan 179 mansabdor shaxsning hisoboti tinglandi. Mahalliy Kengashlar sessiyalariga 129 tashabbus bilan masala kiritildi.
Uyushmagan yoshlarning bandligini taʼminlash, ularni kasb-hunarga yoʻnaltirish, “Ustoz-shogird” anʼanasini rivojlantirish maqsadida mahallalarda istiqomat qilayotgan uyushmagan yoshlar, kam taʼminlangan oilalar farzandlari, nogironligi boʻlgan, vaqtincha ishsiz xotin-qizlarni qoʻshimcha bepul kasb-hunarga oʻrgatish uchun “Xizmat – beminnat” loyihasi tashkil etildi. Loyiha doirasida oʻtgan hisobot davrida 191 bepul oʻquv kursi tashkil qilindi. Oʻquv kurslarida mingdan ortiq uyushmagan yosh va xotin-qizga qoʻshimcha bepul taʼlim berildi hamda kasb-hunar oʻrgatildi.
“Uyma-uy” loyihasi doirasida esa jami 2 ming 395 xonadonga kirildi. Uchrashuvlar natijasida 300 dan ziyod yosh va xotin-qiz ishga joylashtirildi. Shuningdek, imtiyozli kredit olishga amaliy yordam koʻrsatildi.
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida mavjud madaniy yodgorliklarni butun insoniyat uchun qimmatli osori-atiqalar sifatida asrab-avaylash va qayta taʼmirlash kabi masalalar belgilangan. Shundan kelib chiqqan holda partiya tomonidan yurtimizda madaniy meros obyektlarini muhofaza etishga, ularni qayta taʼmirlash-tiklash ishlariga, madaniy meros obyektlarini imkon qadar asl koʻrinishida saqlab qolish hamda umuminsoniy qadriyatlar bilan uygʻunlashtirishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Demokratik saylovlar – mustahkam demokratik tamoyillar ifodasi. Oʻz navbatida, saylov, mamlakat uchun, saylanuvchi va saylovchilar uchun ham chinakam sinov hisoblanadi. Chunki davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Saylov jarayonlarida barchamizning, avvalo, dunyoqarashimiz, siyosiy va huquqiy madaniyatimiz, fuqarolik pozitsiyamiz yana bir bor namoyon boʻladi”.
Davlat hokimiyatining vakillik organlariga boʻladigan navbatdagi saylovlarda munosib ishtirok etish barcha siyosiy partiyalar singari Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi uchun ham katta ahamiyatga ega. Shuning uchun barcha darajadagi partiya tashkilotlarining asosiy faoliyati ushbu saylovlarda eng oldingi qatorda boʻlish masalasiga eʼtibor qaratilmoqda.
Konferensiyada Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining navbatdagi qurultoyiga delegatlar saylandi va kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA