Yerga oid qonun talablarining jiddiy buzilishi jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi

Qonun va ijro 
Bosh qomusimizda umummilliy boylik boʻlgan resurslar ichida yer birinchi boʻlib tilga olingan va muhofazasi kafolatlangan. Yer kodeksining 16-moddasida esa yer davlat mulki hisoblanib, u davlat tomonidan muhofaza etilishi mustahkamlab qoʻyilgan.
Joriy yil iyun oyida kuchga kirgan “Yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Tahlillar soʻnggi yillarda yer bilan bogʻliq turli qonunbuzarliklar koʻpayganini koʻrsatgan. Prokuratura organlari tomonidan 2018-yilda oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida 837 holatda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oʻzboshimchalik bilan 331,1 gektar yer maydonlari egallab olingani aniqlangan. Bunga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat qonunchiligida javobgarlik belgilanmagani sababli ularning qilmishlari jazosiz qolgan.
Endilikda “Yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunda yerga oid qonun talablarining jiddiy buzilishi jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.
Jinoyat kodeksi 197-1-modda bilan toʻldirilib, u “Sugʻoriladigan yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha choralar koʻrmaslik” deb nomlandi.
Mazkur moddaga koʻra, sugʻoriladigan yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha yer egasi, yerdan foydalanuvchi yoki ijarachi tomonidan choralar koʻrmaslik, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bunday qilmish takroran, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Mazkur moddada qilmishni yengillashtiruvchi holatlar ham nazarda tutilgan. Yaʼni, jinoyatni birinchi marotaba sodir qilgan shaxs, agar oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini taʼminlasa hamda oʻzboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf qilsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
Yer bilan bogʻliq munosabatlar haqida soʻz yuritar ekanmiz, yana bir holatga eʼtibor qaratib oʻtish joiz. Prokuratura organlari tomonidan 2018-yilda oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida 1,8 mingdan ziyod holatda mansabdor shaxslar tomonidan 30 ming 755 gektar yer maydoni noqonuniy ajratilgani aniqlangan.
Jinoyat kodeksi “Yer berish tartibini buzish” deb nomlangan 229-4-modda bilan toʻldirilgani shu kabi noxush holatlarga chek qoʻyishga qaratilgan. Endilikda yer berish tartibini buzish, shunday harakat uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum qilib, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakat takroran sodir etilsa, sugʻoriladigan yerlarning qishloq xoʻjaligi oborotidan chiqishiga sabab boʻlsa, eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yer bilan bogʻliq qatʼiy qonuniy choralar yerdan oqilona foydalanishga qaratilgan konstitutsiyaviy tamoyillarni hayotga toʻliq tatbiq etishga xizmat qiladi. Zero, mamlakatimiz aholisining turmush farovonligini taʼminlashda, yurtimizning iqtisodiy salohiyati yuqsalishida yerning oʻrni va ahamiyati beqiyos.
Shu zaminning farzandi sifatida har birimiz yerning hayotimizda tutgan oʻrnini anglashimiz, yerga oid qonunlar ijrosi taʼminlanishida barchamiz birdek masʼuliyat his qilishimiz darkor.
Matluba MIRZAABDULLAYEVA,
 
Toshkent davlat yuridik
 
universiteti dotsenti,
 
yuridik fanlari nomzodi.

OʻzA