Davlatimiz rahbari 24-oktyabr kuni Chilonzor tumanidagi “Oriyent keramik” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda raqobatbardosh, yangi turdagi eksportga yoʻnaltirilgan qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish va ushbu mahsulotlarga boʻlgan ichki ehtiyojni qondirishga alohida eʼtibor qaratilayotir. Bu esa mahalliy va xorijiy tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash borasida keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Prezidentimiz 2017-yil Chilonzor tumaniga tashrifi doirasida “Oriyent keramik” korxonasi loyihasi bilan tanishgan, uni oʻz vaqtida va sifatli yakunlash boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.
Shundan soʻng korxonaga Chilonzor tumanidagi sanoat zonasi hududidan 3,6 gektar joy ajratildi. Oʻtgan davr mobaynida zamonaviy korxona binosi qad rostlab, xorijdan keramika mahsulotlari va kafel ishlab chiqaradigan uskunalar keltirib oʻrnatildi.
Davlatimiz rahbari mazkur korxonaning ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, ishchilar bilan muloqot qildi.
Joriy yilning iyul oyida oʻz faoliyatini boshlagan korxonaning umumiy qiymati qariyb 14 million dollar boʻlib, yiliga 3,6 million kvadrat metr keramik mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Ayni paytda bu yerda 270 ishchi va mutaxassis mehnat qilmoqda.
Ahamiyatli jihati shundaki, masʼuliyati cheklangan jamiyat mahsulotlari deyarli 100 foiz mahalliy xomashyodan tayyorlanmoqda. Shu bois, bu yerda tayyorlanayotgan kafellar xorijnikidan bir necha barobar arzon narxlarda ichki bozorga chiqarilmoqda.
Ayni paytda korxona mahsulotlarining 30 foizi Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Afgʻonistonga eksport qilinmoqda. Joriy yilning iyul-avgust oylarida 500 ming dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilgan.
Prezidentimizga “Oriyent keramik” MCHJ tomonidan 2020-2021-yillarda amalga oshirilishi belgilangan loyiha haqida ham maʼlumot berildi.
Umumiy qiymati 25 million dollar boʻlgan loyiha doirasida yiliga 7,3 million kvadrat metr import oʻrnini bosuvchi katta oʻlchamdagi keramogranit kafellar ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Ushbu mahsulotlardan asosan bino va inshootlarning tashqi qismini bezashda foydalaniladi. Korxona ishga tushgach yana 700 yangi ish oʻrni yaratiladi.
Oʻzbekistonda ilk bor amalga oshirilayotgan ushbu loyiha natijasida 120-60, 90-30, 80-40, 80-80 oʻlchamdagi zamonaviy kafellar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Hozirda ana shunday mahsulotlar mamlakatimizga toʻliq import qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari ushbu jamiyat negizida mamlakatimizning har bir hududida kichik korxonalar tashkil etish, logistikaga qulay joylar ajratib, ularni keramik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi klaster tizimida ishlatish, tovarlarni koʻpaytirib, narxni tushirish evaziga eksport hajmini oshirish zarurligini taʼkidladi.
Shu yerda Toshkent shahrida sanoat va xizmat koʻrsatish sohalarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Toshkentda sanoat va xizmat koʻrsatish yoʻnalishida 171 loyihani hayotga joriy etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbariga Chilonzor tumani janubiy-gʻarbiy sanoat hududida amalga oshirilgan loyihalar haqida maʼlumot berildi. Unga koʻra, 313 gektar maydonda tashkil qilingan 256 korxonada 9600 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratilgan.
Joriy yilning sentyabr oyiga qadar 1,6 trillion soʻmlik maxsulot ishlab chiqarilgan. Shuningdek, tumandagi “Tash pet” MCHJning pet-formalar ishlab chiqarish, “Metal tech construktion” MCHJning metall mahsulotlari, oynani qayta ishlash, sendvich panellar ishlab chiqarish markazi, “Eklair cosmetiks” MCHJning kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish markazi kabi qator loyihalar xususida maʼlumot berildi.
Prezidentimiz har bir loyihani oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berdi.