IIV tomonidan O‘zbekiston hududida “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi a’zolarining jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi

2019 yilning 23 oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati ta’qiqlangan “Jihodchilar” DEOning bir guruh a’zolari jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxslarning bir necha nafari muqaddam ta’kidlangan oqim sifatida noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanganligi bois jazo muddatini o‘tab chiqqan bo‘lib, mamlakatimiz hukumati tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy, huquqiy va ma’naviy ko‘makka qaramasdan jinoiy til biriktirib, aholi orasida noqonuniy targ‘ibot olib borib, “Jihodchilar” DEO g‘oyalarini tarqatganlar hamda shu yo‘l bilan saflarini kengaytirishga qaratilgan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarni sodir etishgan. Shuningdek, ular yurtimizdagi yoshlar ongini zaharlab, o‘zlarining aqidaparastlik g‘oyalarini singdirib, jinoyat sodir etishga chorlaganlar.
Hibsga olingan shaxslarning yashash manzillarida ekstremistik mazmundagi adabiyotlar mavjudligi aniqlangan va ular protsessual tartibda olib qo‘yilgan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov-surishtiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun, “Jihodchilar” DEO g‘oyalarida kishilar ongidan milliy urf-odatlarni yo‘q qilish, qabriston va ziyoratgohlarga borishni man etish, barcha qonun-qoidalarni faqat Qur’on va shariat asosida o‘z talqinlarida bo‘lishini ta’minlash hamda mavjud siyosiy tuzumni ag‘darib tashlash va shariatga asoslangan davlatni qurish aks etgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentabrdagi qarori bilan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi tashkiloti faoliyati O‘zbekiston Respublikasi hududida ta’qiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da’vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari, saqlamasliklari va tarqatmasliklarini so‘raymiz.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Minjust.uz” nomli veb-saytida ekstremistik va terroristik tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar e’lon qilib borilayotganligini ma’lum qilamiz.
IIV Axborot xizmati.

 

O‘zA