Surxondaryo – buyuk mutafakkirlar beshigi, ulkan imkoniyatlar vohasi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 17-18-oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatida boʻldi.
Tashrifning ikkinchi kuni Termiz shahrida Surxondaryo viloyati va tumanlar hokimlari, sektorlar rahbarlari, turli soha va tarmoqlar mutasaddilari, faollar ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlardagi holatga tanqidiy baho berdi.
– Siyosatimizning mazmuni, maqsadi oddiy: mehnat qilsang, rohat koʻrasan. Davlat shu mehnatga, emin-erkin ishlashga sharoit yaratib berishi shart. Shu maqsadda qarorlar qabul qilinayapti, yoʻnalishlar belgilab berilayapti. Lekin quyi tizimda ularni bajaradigan saviyali rahbar kam. Hokim tayyorlash maktabini yaratdikmi, degan savolga ijobiy javob yoʻq. Soha va tarmoqlarning hududiy rahbarlari “qotib qolgan”, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari oʻsish surʼatlari viloyatning haqiqiy salohiyati uchun hali yetarli emasligini taʼkidladi.
– Joriy yilda viloyatga uchinchi bor tashrif buyurishimizning sababi Surxondaryo misolida barcha rahbarlarga hududlarning oʻziga xos xususiyatlari va imkoniyatlarini hisobga olib, ularni jadal rivojlantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlar va oʻsish nuqtalarini aniqlash hamda toʻliq ishga solishni koʻrsatib berishdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Har bir vazir, soha hamda tarmoqlar rahbarlariga yil yakunigacha va kelasi yilda Surxondaryo uchun nimalar qilishini aniq yozib, viloyat hokimligiga taqdimot qilish boʻyicha topshiriq berildi.
Prezidentimiz Surxondaryo viloyati iqtisodiyotining bugungi holatini tahlil qilib, uni rivojlantirish boʻyicha muhim yoʻnalishlarni belgilab berdi.
Avval rejalashtirilgan loyihalarni bajarish bilan birga, kelasi ikki yilda amalga oshiriladigan, umumiy qiymati 13 trillion soʻmlikdan ziyod yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqilgani qayd etildi.
Toʻqqiz oyda viloyat korxonalari tomonidan 125 million dollarlik eksport amalga oshirilib, prognoz 104 foizga bajarilgan. Eksportni koʻpaytirish uchun “Termiz Kargo Sentr” logistika markazi hududida erkin savdo zonasini tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi. Bu zonaga muayyan yoʻnalishlar boʻyicha vizasiz kirish, eksport-import va tranzit yuklari uchun bojxona, karantin va boshqa xizmatlarni “Yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshirish mumkin boʻladi.
Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilishni davom ettirish, 2020-yilda Angor, Qiziriq, Muzrabot, Termiz va Sherobod tumanlarida 40 ming gektarga ingichka tolali gʻoʻza navlarini joylashtirish zarurligi qayd etildi. Yer maydonlaridan kelib chiqib, klasterlar tomonidan yirik chorvachilik komplekslari tashkil etish vazifasi qoʻyildi.
Viloyatda bir yilda tayyorlanadigan 870 ming donadan ortiq terini qayta ishlaydigan birorta korxona yoʻqligi tanqid qilinib, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, viloyat hokimligiga zamonaviy charm-poyabzal korxonalari tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi.
Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi oʻz faoliyatini boshladi.
Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti. Muqaddas zaminimiz azaldan insoniyat tamadduni, ayniqsa, islom dini va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ mutafakkirlarga beshik boʻlgan. Xususan, IX-XII asrlarda yurtimizdan koʻplab olimlar, muhaddislar yetishib chiqqan. Ana shunday buyuk allomalardan biri Abu Iso Muhammad Termiziydir.
Abu Iso Muhammad Termiziy (Imom Termiziy) hozirgi Sherobod tumanida milodiy 824-yilda dunyoga kelib, 892-yilda vafot etgan.
Abu Iso Termiziy oʻndan ortiq asar yaratgan. Ular orasida eng mashhuri “Sunani Termiziy” (“Sahihi Termiziy”) kitobidir. Bu boshqa hadislar toʻplamlari orasida tartibi eng ixcham asardir.
IX asr hadis ilmining oltin davri sanaladi. Bu davrda yuzlab muhaddislar orasida eng yuqori martabaga erishgan olti ulugʻ imom mashhur hadis kitoblarini yozgan. Bu asarlar Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manbalardir. Mazkur “kutubi sitta”, yaʼni eng sahih (eng toʻgʻri, haqqoniy) olti hadis kitobining ikki musannifi bizning buyuk ajdodlarimiz Imom Buxoriy va Imom Termiziydir.
Shu paytgacha Imom Termiziyning hayoti deyarli oʻrganilmagan. Keyingi yillarda milliy-diniy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish, allomalarimiz merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish, yosh avlodni ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan yuksak eʼtibor tufayli alloma bobomiz merosi ham qadr topdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bundan ikki yil avval Sherobod tumanidagi ul zot mangu qoʻnim topgan ziyoratgohda ulkan qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Natijada ziyoratchilarga barcha sharoit yaratilgan muhtasham majmua barpo etildi.
Prezidentimizning 2017-yil 14-fevraldagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish va xalqaro jamoatchilik oʻrtasida keng targʻib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur qaror asosida Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qad rostladi. Markazda islom dinining, Qurʼoni karim va hadis ilmining asl mohiyati, hadisshunoslik maktabining ilmiy-maʼnaviy asoslari, Imom Termiziy va termiziy allomalar, yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkir zotlar merosi chuqur oʻrganiladi, yozma manbalari tizimli asosda tadqiq etiladi. Ulardan diniy taʼlim, maʼnaviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanishga qaratilgan darslik va oʻquv qoʻllanmalari, ommabop nashrlar, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlanadi.
Davlatimiz rahbari markazga tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Buyuk muhaddis Imom Termiziy hayoti va asarlarini chuqur oʻrganish, yosh avlodga yetkazish, xalqimizga tushunarli tilda kitoblar chop etish boʻyicha tavsiyalar berdi. Bu yerda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun munosib sharoit yaratish, olimlarning xalqaro ilmiy konferensiyalarda ishtirokini kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Ushbu markazda tadqiqotchilarga barcha sharoit yaratilgan. Markaz yonida Hakim at-Termiziy nomidagi jomeʼ masjidi barpo etilgan.
Yurtimizda “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori asosida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga hamohang qad rostlagan markaz allomalarimiz merosini ilmiy nazardan oʻrganishda muhim qadam boʻldi.
Markazga yosh tadqiqotchilar, salohiyatli olimlarni jalb qilish, termiziylarning dunyo boʻylab tarqab ketgan asarlari nusxalarini olib kelib tadqiq etish muassasaning muhim vazifasi boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
Shu yerda Sulton Saodat majmuasini rekonstruksiya qilish, uning hududida masjid, avtomobillar turar joyi va majmuaga kelaverishdagi yoʻl boʻyida namunaviy uylar barpo etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Prezidentimiz Termiz shahridagi pillani qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan “Surxon ipagi” korxonasida boʻldi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda pillachilik rivojlanmoqda. Ipak qurtidan toʻrt, baʼzi hududlarda besh martagacha hosil yigʻish yoʻlga qoʻyildi. Ipakdan qimmatbaho mato, gilam va boshqa jihozlar ishlab chiqaruvchi koʻplab korxonalar tashkil etilmoqda, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar hisobiga tarmoqda eksport hajmi ortmoqda.
Surxondaryo viloyati ana shunday hududlardan biri. Bir yil ilgari Prezident Termiz tumanida boʻlib, pilla urugʻchiligi klasteri bilan tanishgan edi. Bugun viloyatda ana shunday klasterlar ikkita, yil oxirigacha yana uchtasi ishga tushiriladi. Natijada pillani zamonaviy, innovatsion usulda yetishtirish miqdori oshadi, ish oʻrinlari koʻpayadi.
Prezident “Surxon ipagi” korxonasi imkoniyatlari bilan tanishish chogʻida ipakchilik turizmini targʻib qiluvchi bunday joylarni koʻpaytirish zarurligini taʼkidladi.
Korxonaga pillani qayta ishlash, xomashyoni yigirish, ipak momigʻi ishlab chiqarish uchun zamonaviy texnologiyalar Xitoydan keltirilgan, sifat nazoratini olib borish, ipakdan jahon andozasiga mos mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishga koʻmaklashish maqsadida xorijdan mutaxassislar jalb etilgan.
Viloyatning qator tumanlari “Surxon ipagi” korxonasiga klaster usulida pilla yetishtirish boʻyicha biriktirilgan. Ipak qurti boqish uchun ozuqa bazasi yaratish, iqlimga mos tut koʻchatlari parvarishlash, yiliga toʻrt marta ipak qurti boqish imkonini beruvchi pillaxonalar qurish yoʻlga qoʻyilgan.
Bugungi kunda “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalarda ipak qurti ozuqa bazasi tut koʻchatlari yetishtirishdan boshlab, tayyor ipak holigacha ishlab chiqarish mukammal holatga yetkazildi. Endi ipak tolasidan sifatli ipak matolar ishlab chiqarish va ularga gul bosish jarayoni oʻzlashtirilmoqda.
Ayni paytgacha oʻzbek ipak tolasining 80 foizi xorijga eksport qilinib, faqatgina 20 foizi mahalliy korxonalarda qayta ishlanar edi. “Surxon ipagi” kabi korxonalar hisobiga bu koʻrsatkich muttasil oshirib boriladi.
Korxonada mahsulot chiqarishdan tashqari serdaromad va xaridorlarni koʻpaytiradigan yangi tajribalar haqida ham Prezidentga maʼlumot berildi. Shulardan biri – turizmni rivojlantirish. Korxona viloyatning sayyohlik yoʻnalishiga kiritilgan va bu yerda muzey tashkil qilingan. Kelajakda sayyohlarni yanada koʻpaytirish maqsadida Termizda ipakdan turli mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan hunarmandlik markazi tashkil etilmoqda. Maxsus shourum va ipak matolardan kiyim tayyorlash sexi faoliyat yuritayotir.
Ipak mahsulotlar Osiyo va Yevropa davlatlariga yetkazib berilmoqda. Oʻtgan yili 2 million 873 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Shu yerda ipakchilikni rivojlantirish loyihalari, viloyatning turizm salohiyati va uni rivojlantirishning qoʻshimcha imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.
– Gilamlarga naqsh solib toʻqish – noyob sanʼat. Buni har kim uddalay olmaydi. Naqshlarga milliy ruh kiritib, xaridorlarni jalb etadigan ranglardan foydalanish kerak. Bu butun dunyo uchun Oʻzbekiston brendi boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz Termiz shahridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Surxondaryo viloyati boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi.
Oʻtgan yili foydalanishga topshirilgan uch qavatli binoda viloyat va Termiz shahar “Oila” markazlari, “Oila” kutubxonasi faoliyat yuritadi, oʻquv zallari, fuqarolarni qabul qilish xonasi mavjud. Shuningdek, “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat boʻlimi, “Barqaror hayot” nodavlat notijorat tashkiloti, Ombudsmanning viloyat boʻlimi va boshqa jamoat tashkilotlariga ham xonalar ajratilgan. Bu ularning markaz bilan yaqin hamkorlikda ishlashida muhim oʻrin tutmoqda.
“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasining maʼmuriyati uchinchi qavatda joylashgan. Xonalar zamonaviy jihozlangan. Markaz qoshida maxsus oʻquv kurslari ham tashkil etilgan.
Viloyatda 600 mingga yaqin oila mavjud. Ularning 149 mingdan ziyodi yosh oilalardir. Markaz xodimlari “Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat” konseptual gʻoyasini hayotga tatbiq etish, ajrimlarning oldini olishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Oilaviy munosabatlar va muammolar boʻyicha tadqiqotlar olib bormoqda.
Davlatimiz rahbari oila qadriyatlarini oʻgʻil-qizlarga yoshlik chogʻidan toʻgʻri tushuntirish, hozirgi oilaviy muammolar boʻyicha ilmiy ishlar qilib, hayotga tatbiq etish, xotin-qizlar bilan ishlaydigan mutaxassislarning bilimini oshirish zarurligini taʼkidladi. Asl milliy urf-odatlarimizni asrab-avaylash, yot gʻoya va rasm-rusumlar paydo boʻlishi sabablarini tushuntirib, yoshlar ongini ulardan himoya qilish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Shu yerda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash, xotin-qizlarni kasbga qayta tayyorlash borasidagi ishlar haqida maʼlumot berildi.
Prezidentimiz oilalarni ilmiy tadqiq etishda har bir hududning oʻziga xos urf-odatlari va qadriyatlarini eʼtiborga olish zarurligini qayd etdi. Oila munosabatlariga oid ilmiy ishlarni hayotiy misollarga asoslanib olib borish zarurligini taʼkidladi.
– Oilaning muqaddas qoʻrgʻon ekanini keng targʻib qilishda olimlar, yozuvchi-shoirlar, umuman, ziyoli qatlamni jalb etish va bu harakatdan hech kim chetda qolmasligi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi yakunlandi.

 

OʻzA