Poytaxtimizda Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi hamda Investitsiya va biznes forumi boʻlib oʻtdi.
Mazkur anjumanlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil sentyabr oyida kengashning Choʻlponota shahrida boʻlib oʻtgan sammitida ilgari surilgan tashabbusi doirasida ilk bor tashkil etildi. Tadbirda Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlar ishbilarmon doiralarining 300 nafarga yaqin, shuningdek, Oʻzbekiston tomonidan vazirlik va idoralar, tadbirkorlik subyektlarining 200 dan ortiq vakili ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov mehmonlarni qutlarkan, Turkiy kengash aʼzo davlatlar oʻrtasida amaliy hamkorlikni, birinchi navbatda, savdo, investitsiya, innovatsiya, transport, turizm, madaniy va gumanitar almashinuv sohalarini rivojlantirishga yordam beruvchi samarali mintaqaviy tuzilma ekanini taʼkidladi.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bagʻdat Amreyev, oʻz navbatida, Oʻzbekistonda davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik va sarmoyaviy muhitni yaxshilash borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlarni yuqori baholadi.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi oʻz atrofida turkiy davlatlarni birlashtirgan yirik xalqaro tashkilotdir. Tuzilmaning asosiy maqsadi aʼzo mamlakatlar oʻrtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Ayni payt kengashga toʻrt davlat – Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkiya aʼzo. Vengriya kuzatuvchi maqomiga ega. Tashkilot tarkibiga Istanbulda joylashgan Davlat rahbarlari kengashi, tashqi ishlar vazirlari kengashi, yuqori martabali shaxslar qoʻmitasi, Turkiyzabon davlatlar oqsoqollar kengashi va kotibiyat kiradi.
– Mamlakatimizni turkiy tilli davlatlar bilan koʻp asrlik tarix bogʻlab turadi, – deydi anjumanda kuzatuvchi sifatida qatnashayotgan davlat – Vengriya vakili, Budapesht Savdo-sanoat palatasi boshqaruvi aʼzosi Yozef Kovach. – Biz ushbu mintaqani, xususan, Oʻzbekistonni oʻzimiz uchun har tomonlama yaqin hamkor sifatida eʼtirof etamiz. Kengash doirasidagi tadbirlarda kuzatuvchi maqomida ishtirok etgan davrimizda Vengriya uchun juda koʻp imkoniyatlar ochildi. Yaqin orada tashkilotning toʻlaqonli aʼzosi boʻlishdan umidvormiz. Budapesht Savdo-sanoat palatasi oʻtgan asrning 50-yillarida tashkil etilgan boʻlsa-da, faqat soʻnggi 15 yilda rivojlanish bosqichiga koʻtarildi. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzolik biz uchun taraqqiyotning yangi sahifasini ochishi, shubhasiz.
Kengash aʼzolarining bu galgi uchrashuvida aʼzo davlatlar tashkilotlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni, ishbilarmonlik aloqalarini yanada rivojlantirish, savdo, sanoat va tadbirkorlik sohalarida mintaqaviy munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Turkiy savdo palatalari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi.
Majlisda kengash faoliyati aʼzo mamlakatlarning mintaqalararo hamkorligini kengaytirishga yoʻnaltirilgani qayd etildi.
Tomonlar Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasining Turkiy Savdo palatasi aʼzoligiga kirishi masalasini muhokama qildi. 2019-yil 14-15-oktyabr kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida boʻlib oʻtadigan Turkiy kengashning 7-sammiti doirasidagi Turkiy Savdo palatasi aʼzolari yigʻilishida tegishli koʻp tomonlama memorandum imzolanishi rejalashtirilgan.
Oʻzbekistonning kengashga aʼzo boʻlishi savdo va investitsiyalar uchun qulay shart-sharoit yaratishga, mahsulot, kapital, xizmat va texnologiyalarning erkin harakatlanishiga bosqichma-bosqich oʻtish uchun bojxona va tranzit tartib-qoidalarini, moliya-bank amaliyotini soddalashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Turkiy kengash rahbariyatining fikricha, Oʻzbekistonning ushbu tashkilotga kirishi tarixiy voqea. Bu kengash faoliyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, turkiyzabon davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga yordam beradi.
Joriy yil 14-sentyabr kuni Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi. Shu bilan mamlakatimiz tashkilotning toʻla huquqli aʼzosiga aylandi.
Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishi doirasida Investitsiya va biznes forumi ham boʻlib oʻtdi. Unda 500 dan ziyod ishtirokchi, jumladan, kengashga aʼzo davlatlar savdo-sanoat palatalari raislari, yuqori darajadagi hukumat vakillari, aʼzo mamlakatlardan ishbilarmonlar ishtirok etdi.
Forum turkiy dunyo ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun mustahkam platforma yaratishga, Oʻzbekiston va turkiyzabon davlatlar oʻrtasida tadbirkorlik, savdo, investitsiya va turizm sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishga qaratildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, jumladan, iqtisodiyot va valyuta bozorini liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesni qoʻllab-quvvatlash, kichik va oʻrta biznes hamda xususiy tadbirkorlik subyektlari huquq va manfaatlarini himoya qilish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdi.
Mehmonlar Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsishning ijobiy surʼatini taʼkidlab, hukumatning iqtisodiyotni erkinlashtirish, xorijiy sarmoyadorlar uchun zarur shart-sharoit yaratish borasidagi saʼy-harakatini yuqori baholadi.
Investitsiya va biznes forumi doirasida, shuningdek, turkiyzabon davlatlar ishbilarmon doiralari ishtirokida “B2B” formatdagi uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Muloqotlar davomida tomonlar mamlakatlararo munosabatlarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini, avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda, xususan, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻnalishlaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA