Saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi yanada takomillashtirildi

Saylov – 2019 
Saylovoldi tashviqoti – bu saylov kampaniyasining eng muhim bosqichlaridan biri bo‘lib, bir oydan ortiq vaqt davom etadi. Ya’ni saylovga 35 kun qolganida boshlanib, bir kun qolganda to‘xtatiladi. Aynan saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalar va nomzodlar saylovchining ovozi uchun kurash maydoniga chiqib, o‘zaro raqobat qiladi. Yakunda saylovchilar qaysi partiya va nomzodga ovoz berish to‘g‘risida uzil-kesil bir to‘xtamga keladi.
Shuni inobatga olgan holda yangi tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning avvalgi saylovlarda qabul qilinganlaridan farqi bor.
Xususan, avvalgi nizomlar bilan faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti olib borish tartibi belgilangan edi. Endilikda yangi nizom loyihasida mahalliy Kengashlarga deputatlikka nomzodlar tomonidan ham saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi belgilandi.
Saylovoldi tashviqoti o‘tkazilayotganda deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga bir xil hajmdagi efir vaqti va chop etish maydoni bepul taqdim etilishi orqali ularga davlat OAVdan foydalanishda teng imkoniyat beriladi. Bepul efir vaqtidan siyosiy partiyalar vakillari va deputatlikka nomzodlar ommaviy debatlar, munozaralar, matbuot anjumanlari, intervyu, chiqishlar, saylovchilar yig‘ilishlari, nomzod to‘g‘risida roliklar joylashtirish va hokazolar uchun foydalanishi mumkin.
Shuningdek, siyosiy partiyalarning so‘rovlariga asosan saylovoldi tashviqoti boshlanmasdan turib, saylov kampaniyasi davrida umumpartiyaviy tashviqot-targ‘ibot tadbirlari uchun siyosiy partiyalarning o‘z mablag‘larini ishlatish masalalariga aniqlik kiritilmoqda. Ya’ni caylovoldi tashviqoti boshlangunga qadar siyosiy partiyalar o‘zining dasturi, saylovoldi platformasi to‘g‘risida tushuntirish va targ‘ibot ishlarini o‘z mablag‘lari hisobidan, homiylik mablag‘laridan foydalangan holda amalga oshirishi mumkin. Bunda eng muhim shart – hali deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olinmagani sababli, siyosiy partiyani yoki uning deputatlikka nomzodlarini yoqlab ovoz berishga da’vat etish yoki chaqirish mumkin emas.
OAVda, jumladan, hamma foydalana oladigan telekommunikatsiya tarmoqlarida deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarni yoritish jarayonining monitoringini olib borish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Yana bir muhim yangiliklardan biri, avvalgi saylov qonunchiligimizda bino-inshootlar va boshqa joylarga ilgari joylashtirilgan saylovoldi tashviqoti materiallari saylovga bir kun qolganida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan olib qo‘yilardi. Mazkur qoida Saylov kodeksidan chiqarib tashlangani sababli, nizom loyihasida saylovoldi tashviqoti materiallarini saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida olib qo‘yilishi majburiy hisoblanmaydigan bo‘ldi.
Deputatlikka nomzodlarga va ularning ishonchli vakillariga saylovoldi tashviqotini olib borishda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun teng sharoitlar beriladi. Ushbu jarayonlar nomzodlar va ularning ishonchli vakillari tomonidan mustaqil ravishda o‘tkaziladi. Nomzod yoki uning ishonchli vakili boshqa nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli bo‘ladi.
Saylovlarning ochiqlik, oshkoralik kabi umume’tirof etilgan demokratik tamoyillarga muvofiq o‘tkazilishida ommaviy axborot vositalari muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatida mazkur masalalarga doim alohida e’tibor qaratib keladi. Ular aholining siyosiy faolligini oshirish, mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotidagi ishtirokini kengaytirishga faol yordam bermoqda.
Mahmud ISTAMOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining
raisi o‘rinbosari.

 

O‘zA