Maʼnaviyat festivali: unutilmas uchrashuv va muloqotlar

Qoraqalpogʻiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3-maydagi “Maʼnaviy va maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida “Maʼnaviyat festivali” boʻlib oʻtdi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, uning Qoraqalpogʻiston boʻlimi hamda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamkorligida tashkil etilgan tadbirning asosiy maqsadi, qoraqalpoq va oʻzbek xalqi maʼnaviy-madaniy merosining oʻziga xos xususiyatlarining maʼrifiy ahamiyatini yoritish boʻlib hisoblanadi. Shuningdek, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning, bunyodkorlik ishlarining mazmun-mohiyatini aholi oʻrtasida targʻib etish, ichki turizmni rivojlantirish, zamonaviy texnologik vositalardan samarali foydalangan holda milliy qadriyatlar, tarixiy obidalar haqida maʼlumot berib, ularning targʻibot-tashviqotini kuchaytirishdan iborat.
Tadbir Nukus shahridagi buyuk qoraqalpoq shoiri Berdaq haykali poyiga gulchambarlar qoʻyish bilan boshlandi. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat universitetida “Maʼnaviyat va maʼrifat hamda taʼlim-tarbiya uygʻunligi» mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil qilindi.
Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qoraqalpogʻiston boʻlimi rahbari Q.Yusupov, falsafa fanlari doktori, professor J.Shermuxamedova, “Nuroniy” jamgʻarmasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi raisi, Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Sh.Usnatdinov, Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatri artisti M.Salimov, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati B.Xusanov va boshqalar mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tizimli tashkil etish, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtaldi.
– Jahonda gʻoyaviy-mafkuraviy kurash keskin davom etayotgan, maʼnaviy tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi davrda bunday tadbirlarning oʻtkazilishi muhimdir,– deydi falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuxamedova.– Shu nuqtayi nazardan festival aholi, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatining Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy aʼzoligiga qabul qilinganlarga guvohnoma va aʼzolik koʻkrak nishoni topshirildi.
Ishtirokchilar uchun I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat sanʼat muzeyiga sayohat uyushtirildi va “Qoraqalpogʻistonda bugungi turizm” mavzusidagi uchrashuvda qoraqalpoq milliy raqsi va sanʼatkorlar konserti namoyish etildi.
Nukus gornizonida “Vatan muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” shiori ostida harbiy xizmatni oʻtayotgan askarlar bilan taniqli fan, madaniyat va sanʼat arboblari ishtirokida maʼrifiy uchrashuv tashkil qilindi. Uchrashuvda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni, polkovnik D.Choriyev mehmonlarni qutlab, mamlakatimizda Qurolli Kuchlar tizimini isloh qilish, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy muhofaza qilish, ularning mahoratlarini yuzaga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtaldi.
Festivalning ikkinchi kunida Xoʻjayli tumanidagi 1-“Mehribonlik uyi”da “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari ishtirokida “Bolalarga maʼrifat ulashib” aksiyasi va maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Tarbiyalanuvchilarga kitoblar sovgʻa qilindi.
Kunning ikkinchi yarmida Moʻynoq tumanida joylashgan “Moʻynoq tumani ekologiya muzeyi” va “Kemalar qabristoni”ga sayohat uyushtirildi. Tumandagi “Orol” va “Talli oʻzak” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda qayd etilganidek, mamlakatimizda yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratish, yosh tadbirkorlarga, ayniqsa, qizlarimizga hunarmandlik bilan shugʻullanishlari uchun kreditlar ajratish, ularni kasbga tayyorlash va malakasini oshirish, farzandlarimizning taʼlim-tarbiyasi, ularni sogʻlomlashtirish va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha muhim qadamlar qoʻyilmoqda.
Tuman madaniyat markazida taniqli yozuvchi va shoirlar, adiblar va yoshlar ishtirokida “Madaniyat Moʻynoqdan boshlanadi” shiori ostida “Beshta muhim tashabbus – beshta imkoniyat” mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil qilindi. Mazkur tadbir doirasida kitob yarmarkasi va yangi kitoblar, rasmlar, jumladan, qoraqalpoq folklorining 100 tomligi hamda milliy liboslar koʻrgazmasi tashkil etildi.
–Tadbir ishtirokchilari Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Orolboʻyining shahar va tumanlarida, hattoki chekka qishloqlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga guvoh boʻlishdi,– deydi Oʻzbekiston xalq artisti, Ch.Aytmatov nomidagi xalqaro mukofot sovrindori Mirza Azizov. – Bir vaqtlari ushbu hududda yashash murakkab deganlar bugun havas bilan qaramoqda. Buni birgina Moʻynoq tumani misolidan ham koʻrishimiz mumkin.
Festival yakunida faol ishtirokchilarga tashkilotchilarning “Tashakkurnomasi” va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tadbir sanʼat ustalarining gala konserti bilan yakunlandi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA