O‘zbekiston MDH davlatlari Sanoat xavfsizligi kengashiga a’zo bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari Sanoat xavfsizligi kengashining XVII yig‘ilishida ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ishlab chiqarish ob’ektlarida sanoat xavfsizligi talablari bajarilishi yuzasidan tajriba almashish, avariya va baxtsiz hodisalarning oldini olish, normativ hujjatlarni takomillashtirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining MDH davlatlari Sanoat xavfsizligi kengashiga to‘laqonli a’zo bo‘lishi yuzasidan fikr almashildi va bu masalani yaqin kunlarda ijobiy hal qilishga kelishib olindi.
MDH davlatlari Sanoat xavfsizligi kengashi idoralararo hamkorlik organi hisoblanib, ishlab chiqarish ob’ektlarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariya hamda baxtsiz hodisalarning oldini olish harakatlarini muvofiqlashtirib boradi. Unga Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Moldova, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ukraina a’zo hisoblanadi.
Bu kengashga a’zolik hamkor davlatlar bilan sohaga doir to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish, normativ-huquqiy, normativ-texnik hujjatlarni muvofiqlashtirish, o‘zaro tajriba almashish, xalqaro hamkorlik uchun idoralararo shartnomaviy-huquqiy bazani rivojlantirish, birgalikda tezkor va taktik chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda kadrlarning malakasini oshirish imkonini beradi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, kelgusida hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish maqsad qilindi.

 

O‘zA