Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasiga tashrif buyurdi.
Bu yerda dastlab Qoʻqon va Margʻilon shaharlarini kompleks rivojlantirishga xorijiy investitsiyalar jalb etish boʻyicha yangi loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Jumladan, kelgusi uch yilda bu ikki shaharga xalqaro moliya institutlarining 1 milliard 354 million dollarlik imtiyozli kreditlari yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan. Bu mablagʻ uchta yoʻnalishda – sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish, infratuzilma obyektlarini modernizatsiya qilish hamda koʻp qavatli uy-joylar qurish sohalarida oʻzlashtirilishi koʻzda tutilgan.
Davlat rahbari uy-joylar qurilishiga oid loyihalarni qayta koʻrib chiqish, Qoʻqon va Margʻilon shaharlarini rivojlantirish boʻyicha besh yillik reja qilish zarurligini taʼkidladi.
– Avvalo, qayerda qiyinchilik borligini oʻrganish, odamlarning fikrini olish kerak, – dedi Prezident. – Aholi qachon qaysi hududda qurilish boʻlishini bilsin. Uy-joy bilan ish oʻrinlari mutanosib boʻlishi zarur. Fargʻonaliklarning hunarmandchilik anʼanalari, hudud imkoniyatlarini inobatga olib, charm-poyabzal, chinni, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va boshqa turdagi korxonalar tashkil etish mumkin.
Shavkat Mirziyoyev “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi salohiyati, korxonalar faoliyati bilan tanishmoqda.