O‘zbek filmi “Kinoshok” festivali g‘olibi

Rossiyaning Anapa shahrida XXVIII “Kinoshok” ochiq festivali yakunlandi. Anjumanning tantanali yopilish marosimida festival bosh mukofoti – “Zolotaya loza” o‘zbekistonlik ijodkor Umid Hamdamovning “Issiq non” filmiga topshirildi. Festivalning “Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasi g‘olibligi ham ushbu kartinada rol ijro etgan hamyurtimiz Feruza Saidovaga nasib etdi.
“Issiq non” filmida o‘smir qiz Zulfiyaning kechinmalari, buvisi va kelinoyisi bilan murakkab munosabatlari haqida hikoya qilinadi. Uning onasi shaharga ishlashga ketgan, qiz qishloqda buvisi bilan yashashga majbur. Qahramon shaharga ketib, onasining yonida bo‘lishni xohlaydi.
Film 2018 yil “O‘zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan. Bundan avvalroq “Yilning eng yaxshi filmi” “Eng yaxshi ssenariy” va “Eng yaxshi montaj“ nominatsiyalari bo‘yicha “Oltin Humo” milliy mukofotini qo‘lga kiritgan edi.

 

O‘zA