Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini qoʻriqlash va himoya qilish tizimini takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan ishchi yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati, Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) rahbariyati, shuningdek, DXX Chegara qoʻshinlari qoʻmondonligi ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Chegara qoʻshinlari faoliyatining amaliy natijalari koʻrib chiqildi, davlat chegaralarini qoʻriqlash va himoya qilish tizimini xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xatarlarni hisobga olgan holda yanada takomillashtirishning ustuvor vazifalari belgilandi.
Chegaralarimiz xavfsizligi va daxlsizligini ishonchli va kafolatli taʼminlash xalqimiz tinch-osoyishta hayoti, mamlakatimiz taraqqiyotining garovi ekani taʼkidlandi.
Mintaqa mamlakatlarining chegara idoralari yoʻnalishidagi xalqaro hamkorlik izchil mustahkamlanib borayotgani, turli xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda qoʻshma tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qoʻshni davlatlar bilan oʻtkazish punktlari ochilgani, yangi havo, temir yoʻl va avtobus qatnovlari yoʻlga qoʻyilgani fuqarolarning oʻzaro bordi-keldisining ortishiga xizmat qilmoqda.
Chegaraoldi hamkorlikni faollashtirish yuzasidan xorijiy sheriklarimiz bilan erishilgan kelishuvlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda bajarilgan ishlar tanqidiy baholanib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini qoʻriqlash va himoya qilish tizimining samaradorligini yanada oshirish yuzasidan mutasaddi tuzilmalar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.
O’zA