Shavkat Mirziyoyev: Bugun biz Oʻzbekistonning yangi tarixini yaratyapmiz

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Sharq taronalari” xalqaro festivalini yoritish uchun kelgan mahalliy va xorijiy blogerlar bilan suhbatlashdi.
– Keyingi yillarda Oʻzbekiston dunyoga ochilmoqda va xalqaro hamjamiyatga haqiqatni yetkazishga intilish bor. Eng muhimi, muhokama qilish, tanqid qilish mumkin, – dedi davlatimiz rahbari.
Mamlakatimizdagi islohotlarni, madaniyatimiz, tarixiy obidalarimizni butun dunyoga tarannum etishda blogerlarning oʻrni katta ekanini taʼkidladi.
– Sizlarni jonajon Oʻzbekistonimizda, qadimiy sivilizatsiya markazi Samarqandda koʻrib turganimdan juda xursandman. Bugun biz Oʻzbekistonning yangi tarixini yaratyapmiz. Maqsadimiz – xalqimizga xizmat qilish, odamlarni rozi qilish va kelajakka ishonch bilan qarashini taʼminlash. Bunga sizlar ham hissa qoʻshasizlar deb ishonaman, – dedi Prezident.
– Orangizda oʻzimizning qorakoʻzlarimizni koʻrib turibman. Bu menga iftixor bagʻishlaydi. Bilingki, Prezident sizlarni doim qoʻllab-quvvatlaydi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Muloqot soʻngida Prezident blogerlar bilan suratga tushdi, ularning faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

 

O’zA