Oʻzbekiston Prezidenti AQSH Davlat kotibi oʻrinbosarini qabul qildi

Bugun, 22-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentga tashrif bilan kelgan Amerika Qoʻshma Shtatlari Davlat kotibining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Devid Xeylni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, keyingi yillarda koʻp qirrali Oʻzbekiston-AQSH munosabatlarida izchil rivojlanish kuzatilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oʻtgan yilning may oyida Vashingtonda boʻlib oʻtgan samarali oliy darajadagi uchrashuvlar mamlakatlarimiz strategik sherikligida yangi davrni boshlab bergani taʼkidlandi.

AQSH diplomati, oʻz navbatida, Oʻzbekiston rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Donald Tramp va Davlat kotibi Mayk Pompeoning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Devid Xeyl AQSH Oʻzbekistonda davlat qurilishi va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish sohasida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, aholi turmushi darajasi va sifatini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan islohotlarni yuksak baholashini taʼkidladi.

Oʻzbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlarning mintaqada doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlari qoʻllab-quvvatlanayotgani bildirildi.

Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal qilish va ushbu mamlakatni mintaqaviy jarayonlarga jalb etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga oid hamda xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya, taʼlim va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar faollashgani hamda AQSHning yetakchi kompaniyalari, bank va tashkilotlari ishtirokidagi qoʻshma loyihalar ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Joriy yil iyun oyida AQSH birinchi sertifikatlangan iqtisodiy missiyasining Oʻzbekistonga tashrifi yakunida ilgari surilgan ishbilarmonlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv soʻngida Davlat kotibi oʻrinbosari Devid Xeyl AQSHning mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini va har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi intilishi qatʼiy ekanini tasdiqladi.

 

O’zA