Muborak safar boshlandi

Birinchi kun

24-iyul kuni erta tongdan Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga uchgan oʻzbekistonlik ziyoratchilar mahalliy vaqt bilan soat 11.45 da Madina shahriga yetib keldi.

Madinaliklar oʻz udumlariga koʻra, boʻlgʻusi hojilarni turfa shirinlik, savat toʻla xurmo tutgan holda qarshi oldi, ustlariga mushk-anbar sepib, boshlari uzra anvoyi gullar sochib kutib oldi.

Maxsus guruh har bir yurtdoshimizga mobil aloqa uchun sim-karta tuhfa qildi. Bu Haj mavsumida xizmat koʻrsatish dasturining bir qismi boʻlib, Saudiya Arabistoni tomonidan jami bir millionta internetdan foydalanish imkonini beradigan sim-karta bepul tarqatilishi koʻzda tutilgan.

– Aeroportda chogʻimizdayoq farzandlarimiz bilan telefon orqali suhbatlashdik. Parvoz koʻngildagidek oʻtgani, bizni izzat-ikrom bilan kutib olishgani haqida toʻlqinlanib gapirib berdim, – deydi toshkentlik otaxon Suyundik Mustafoyev.

Ziyoratchilarning yuklarini qabul qilib olish, tashish, mehmonxonalarga yetkazish kabi bir qarashda oddiy tuyuladigan, ammo vaqtni oʻgʻirlaydigan ishlar xizmat koʻrsatuvchi shirkat tomonidan bajarilmoqda. Yurtdoshlarimiz hech narsaning tashvishini qilmay, zamonaviy avtobuslarda mehmonxona tomon yoʻl oldi.

– Bu yil Madina shahridagi besh yulduzli “Pullman zamzam” mehmonxonasi xizmatidan foydalanamiz, – deydi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov. – Prezidentimiz tashabbusi bilan hojilarga yuksak darajada shart-sharoit yaratib berish maqsadida qilinayotgan ishlardan biri shu. Alohida eʼtibor tufayli yurtimiz hojilari tartib, odob jihatidan, arkonlarni bajarish boʻyicha koʻpchilikka ibrat boʻlib, Oʻzbekistonni dunyodagi yuqori oʻrinni egallab kelayotgan mamlakatlar qatoriga chiqaryapti. Keyingi paytda Saudiya Arabistoni Haj vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligining yaxshi taqdimnomalariga erishib kelinayotgani buning tasdigʻi boʻla oladi. Bu yil ham Hajni mukammal ado etib, birinchilar qatorida eʼtirof etilamiz, degan umiddamiz.

Sal oʻtmay Toshkent – Madina yoʻnalishida amalga oshirilgan ikkita, Fargʻona – Madina yoʻnalishi boʻyicha bitta parvoz orqali munavvar shaharga kelgan 700 nafardan ziyod yurtdoshimiz “Pullman zamzam” mehmonxonasiga joylashdi.

Bu joy bejiz tanlangani yoʻq. U nafaqat zamonaviy xizmatlari, balki qulay joylashuviga koʻra, shahardagi eng mashhur maskan sanaladi. Mehmonxona bilan muqaddas “Masjid un-Nabaviy” orasidagi masofa atigi 50 metr boʻlib, derazadan Paygʻambarimizning (s.a.v) ravzasi kaftdagidek koʻzga tashlanib turadi.

– Nisbatan issiq kelgan bu yilgi mavsumda tashkiliy ishlarning yuqori darajada ekani koʻnglimizni koʻtaryapti. Haj amallarini mukammal bajarishga ruhlantirayapti, – deydi toshkentlik ziyoratchi Vazira Inogʻomova.

Ziyoratchilar ibodatning birinchi kuni besh vaqt namozni “Masjid un-Nabaviy”da ado etib, Paygʻambarimiz (s.a.v), sahobalar hazrati Abu Bakr Siddiq va hazrati Umar roziyallohu anhuning qabrlarini ziyorat qildi.

Oʻzbekistonlik ziyoratchilarning Madina shahriga kelishi davom etmoqda.

Ikkinchi kun

Madina – dunyo musulmonlari talpinib keladigan eng qutlugʻ va tabarruk maskan. Ayniqsa, 2019-yilgi Haj mavsumida ziyoratchilar soni keskin ortmoqda. Xususan, Oʻzbekistondan kuniga oʻrtacha 700 kishi kelyapti.

Har bir guruhga biriktirilgan ellikboshilar ziyoratchilarning eng yaqin koʻmakchisiga aylangan.

Salomatlik masalasi Ishchi guruhi tarkibidagi shifokorlarning doimiy nazoratida. Barcha yurtdoshlarimiz chuqur tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan, kasalliklarga qarshi emlangan.

Shu kunlarda “Masjid un-Nabaviy” kechayu kunduz namozxonlar bilan toʻla.

– Bu bejiz emas, – deydi ellikboshi Meʼrojiddin Haydarov. – Rasulullohning (s.a.v.) muborak masjidi ziyoratining fazli haqida koʻplab hadislar keltirilgan. Ularning birida, jumladan, bunday deyiladi: “Mening masjidimdagi bir namoz bundan boshqasidagi mingta namozdan yaxshidur, faqat “Masjid ul-Harom”gina bundan mustasno”.

Shu bois ham yurtdoshlarimiz har bir damni gʻanimat bilib, vaqtlarini “Masjid un-Nabaviy”da oʻtkazishga intilmoqda.

Darhaqiqat, 700 ming kishiga moʻljallangan bu masjidga odamlar sigʻmay ketayapti. Tepa qismlari ham ibodatchilar bilan toʻlib-toshgan.

Oʻzbekistonlik ziyoratchilar Paygʻambarimizning (s.a.v.) eng sevimli maskanlaridan biri boʻlgan Uhud togʻida ham boʻldi.

Sahih hadislarda keltirilishicha, Rasululloh “biz Uhudni yaxshi koʻramiz, Uhud bizni yaxshi koʻradi”, deya marhamat qilgan ekan. Togʻ 7 kilometrga choʻzilib ketgan boʻlib, baland nuqtasi dengiz sathidan 2 ming metrgacha yetadi. U mushriklar bilan boʻlgan Badr jangi orqali tarixda qolgan.

Ziyoratchilar togʻ etagida mangu qoʻnim topgan Paygʻambarimizning amakisi hazrati Hamza ibn Abdulmuttalib qabrini ziyorat qildi. Badr jangida halok boʻlganlar ruhiga atab Qurʼon tilovat qilindi.

Ziyoratchilar islom tarixida qurilgan birinchi masjid – Quboga yoʻl oldi. Bu yerda ikki rakat nafl namozi oʻqildi. Diniy ulomalarning taʼkidlashicha, kimki Quboga kelib, nafl namozini oʻqisa, Umraning savobiga teng savob olar ekan.

Haj ibodatining Madinadan boshlanishida ham hikmat bor. Bu muborak manzil bir qancha tabarruk ziyoratgohlarni oʻz bagʻriga olgan, koʻplab oyatlar aynan shu yerda nozil boʻlgan. Shu bois u nafaqat islom olamining markazi, balki Paygʻambar nuri bilan munavvar boʻlgan shahar, vahiy manzili sifatida alohida qadrlanadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita

matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi

 

OʻzA