Shavkat Mirziyoyev Oqdaryo tumanidagi “Pure milk Oqdaryo” fermer xoʻjaligi dalasida boʻlib, mirishkorlar bilan suhbatlashdi.
– Qanday qilib odamlarning daromadini oshiramiz, degan savol meni har kuni qiynaydi. Buning uchun har bir hudud, har bir sohada imkoniyatlar bor. Qishloq xoʻjaligida – yangi texnologiyalarni joriy qilib, hosildorlikni oshirish, xomashyoni qayta ishlash. Qayta ishlash boʻlsa, daromad, ish oʻrni koʻpayadi, – dedi Prezident.
Paxtachilik va chorvachilikka ixtisoslashgan mazkur fermer xoʻjaligining maydoni 1 ming 360 gektar. Gʻoʻzani tomchilatib sugʻorish joriy etilgan.
Davlat rahbari qolgan xoʻjalik va klasterlar yerini ham tomchilatib sugʻorishga oʻtkazish, hosildorlik past maydonlarda gʻallani qisqartirib, daromadi undan yuqori meva-sabzavotlar ekish, fermer va klasterlar uchun minitexnologiyalar yetkazib berish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.