Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi. Yuqori martabali mehmonni  Nukus xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Erniyazov kutib oldi.

Orol dengizi va uning atrofidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti o‘tkazildi.

BMT Bosh kotibiga Orol dengizining bugungi ahvoli va mintaqadagi ekologik holat haqida so‘zlab berildi. Bir vaqtlar mavj urib turgan dengizning suvi keyingi 50-55-yilda 15-martadan ziyod kamayib, suv sathi 29 metrga pasaygani, hududda 5,5 million gektar tuzli qum maydonlari hosil bo‘lgani qayd etildi. Bu holat mintaqa tabiati, odamlar hayoti, o‘simliklar va hayvonot olamiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Dengizning qurigan hududida 350 ming gektarga iqlimga mos qandim, cherkes, saksovul ekilib, tuzli chang-to‘zon ko‘chishining oldi olinmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, aholining turmush darajasini yaxshilash maqsadida umumiy qiymati 4 milliard so‘mlikdan ziyod 50 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan dastur asosida Mo‘ynoq tumanida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Antoniu Guterrish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov hamrohligida Orol dengizi akvatoriyasiga bordi. Mo‘ynoq tumanidagi “Kemalar qabristoni”ni ko‘rdi, jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi. BMT tomonidan hududda amalga oshirilayotgan loyihalar samaralari bilan tanishdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida bo‘ldi va uning eksponatlari bilan tanishdi.

 

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA