Transport tizimida yagona huquqiy makon yaratish qanday samara beradi?

Toshkentda “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Temir yoʻl hamkorlik tashkiloti vazirlar kengashining 47-sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda tashkilotga aʼzo davlatlardan Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Rossiya, Ukraina, Belarus, Moldova, Litva, Latviya, Estoniya, Gruziya, Ozarbayjon, Polsha, Chexiya, Slovakiya, Bolgariya, Vengriya, Eron, Xitoy, Moʻgʻuliston, Vyetnam, Shimoliy va Janubiy Koreya transport vazirlari va temir yoʻl sohasi rahbarlari ishtirok etdi.
Shuningdek, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi ichki transport qoʻmitasi, Xalqaro temir yoʻl tashish hukumatlararo tashkiloti, Xalqaro transport federatsiyasi, Xalqaro temir yoʻl transporti qoʻmitasi kabi nufuzli tashkilotlar vakillari ham qatnashdi.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining oʻrinbosari Davron Dehqonov soʻzga chiqdi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda Oʻzbekistonda temir yoʻllar tizimi yagona tarmoqqa birlashgan. Uning umumiy uzunligi qariyb 7 ming 500 kilometrni tashkil qiladi. Temir yoʻllar tizimida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar va kommunikatsiya tarmoqlarining modernizatsiya qilinishi temir yoʻllar boʻylab harakatlanish tezligini soatiga 250 km.ga yetkazish imkonini bermoqda.
Barcha turdagi yuk tashish jarayonidagi temir yoʻllarning ulushi 53 foizni tashkil qiladi. Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda 2 ming 500 kilometrdan ziyod yangi temir yoʻl tarmoqlari qurildi, 1 ming 107 kilometr temir yoʻl qayta taʼmirlandi, 2 ming 700 kilometrdan ortiq temir yoʻllar toʻliq elektrlashtirildi. Xususan, soʻnggi yillarda “Maroqand – Qarshi”, “Qoʻqon – Margʻilon – Andijon”, “Qarshi – Termiz” liniyalarining elektrlashtirilgani ushbu yoʻnalishlar boʻylab sifatli tashuvlarni amalga oshirish va xarajatlarni qisqartirishga xizmat qildi.
Tarmoq faoliyatini rivojlantirish maqsadida oʻtgan davr mobaynida yuk tashuvchi va yuqori tezlikda harakatlanuvchi yoʻlovchi tashish elektropoyezdlari xarid qilindi. Bu kabi muhim loyihalarning hayotga izchil joriy qilinayotgani xalqaro aloqalarni rivojlantirishda ham muhim oʻrin tutmoqda.
Tadbirda mamlakatimizning temir yoʻllarni modernizatsiya qilish, xizmat koʻrsatish va yuk tashish tariflarining optimallashtirishga qaratilgan intilishlari yuqori baholandi.
– Oʻzbekiston Rossiyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik hamkorlaridan, – deydi Rossiya Federatsiyasi transport vaziri oʻrinbosari Vladimir Tokarev. – Bugungi Kengash majlisi doirasida transport tizimida yagona huquqiy makon yaratishga qaratilgan intilishlar boʻyicha fikr almashish imkoniga ega boʻldik. Bu ikki va koʻp tomonlama hamkorligimizda muhim oʻrin tutadi.
Majlisda sessiya kun tartibidan oʻrin olgan masalalar koʻrib chiqildi. Temir yoʻl hamkorlik tashkiloti aʼzosi boʻlgan Koreya Respublikasining ushbu tashkilot qoshidagi Xalqaro temir yoʻl yuk tashish kelishuvi va Xalqaro yoʻlovchi tashish kelishuvi komissiyalari tarkibiga qoʻshish masalalari muhokama qilindi. Tashkilotning 2018-yilgi faoliyati sarhisob qilindi. Shuningdek, “Yevropa – Osiyo yoʻlida uygʻunlashgan yuk tashishning tashkiliy va ekspluatatsiya jihatlari toʻgʻrisidagi bitim”ga tuzatishlar kiritish boʻyicha takliflar oʻrganildi.
Temir yoʻl hamkorlik tashkiloti tegishli qoʻmitasining “Umumevropa mintaqasi va Yevroosiyo transport yoʻlaklarida yagona temir yoʻl huquqlari sari” loyihasi boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan axboroti tinglandi.
Tashkilotning 2019-yilga moʻljallangan byudjeti tasdiqlandi, 2020-yil uchun byudjet loyihasini ishlab chiqish masalalari koʻrib chiqildi.
Temir yoʻl hamkorlik tashkiloti vazirlar kengashining 47-sessiyasi yakuni boʻyicha protokol imzolandi.

 

O.ESHMAMATOV, Muhammad AMIN (surat), OʻzA