Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida futbol bo‘yicha Yevropa va jahon chempioni, ispaniyalik taniqli sportchi Karles Puyol ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda O‘zbekiston futbol federatsiyasi a’zolari, yosh futbolchilar, muxlislar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan millionlar o‘yini –futbolni yanada ommalashtirish va mazkur sport turi bilan shug‘ullanuvchilarning mahoratini oshirish maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri futbol yulduzi Karles Puyolning Toshkentga kelishidir.

– O‘zbekistonga ikkinchi marotaba kelishim, – deydi Karles Puyol. – Yurtingiz menga juda yoqadi, xalqingiz mehmondo‘st. Tunda kelishimga qaramay tantanali kutib olishganini ko‘rib, quvondim. Mamlakatingizda so‘nggi yillarda sport jadal rivojlanayotgani va sportchilaringiz erishayotgan yuksak g‘alabalardan xabardorman. Ilk marotaba kelganimga qariyb o‘n yil bo‘ldi. O‘tgan vaqt ichida poytaxtingiz tanib bo‘lmas darajada o‘zgargani havasimni keltirdi.

K.Puyol tashrifi doirasida poytaxtimizdagi futbol akademiyalarida shug‘ullanayotgan yosh sportchilarga mahorat saboqlari o‘tkazadi. Shuningdek, O‘zbekiston chempionati oliy ligasi 28-turi doirasidagi “Paxtakor” va “Olmaliq” jamoalari o‘rtasidagi bahsni kuzatadi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA