O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘iston Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 17 may kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qozog‘iston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, mustahkam sog‘lik va davlat xizmatidagi faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.
Oliy darajadagi muntazam va samarali muloqotlar O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining jadal rivojlanishi va izchil mustahkamlanib borishiga xizmat qilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Qasim-Jomart Toqaevning joriy yil aprel oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalaridagi amaliy hamkorlik, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar ochgani alohida ta’kidlandi.
Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Suhbat so‘ngida davlatimiz rahbari Qasim-Jomart Toqaevga joriy yil 9 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan Qozog‘iston Prezidenti saylovi muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

 

O‘zA