Oliy ta’lim muassasasiga kirishda sertifikatlarning ahamiyati qanday?

Ma’lumki, hozir ko‘pchilikni oliy ta’lim muassasalariga kirish, imtihonlarning qay tartibda o‘tishi, sohadagi yangiliklar, imtiyozlar va o‘zgarishlar qiziqtiradi. Shu bois ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, DTM va ayni yo‘nalishda faoliyat yuritadigan tashkilot va idoralarning mutaxassislari bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Bu kabi tadbirlar oliy ta’lim muassasasiga kirishga oid amalga oshirilayotgan islohotlardan aholini xabardor etishga xizmat qiladi.
Bu yil chet tiliga oid sertifikatlardan qay tartibda foydalanish mumkin?
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, V1 sertifikati agar, 2019 yil 1 yanvargacha olingan bo‘lsa, muddati tugagunicha amal qiladi. Sertifikatlar uch yilgacha muddatga berilishini hisobga olsak, 2018 yil oxirigacha olingan V1 sertifikatlari 2021 yilgacha amal qiladi.
Bu yil IELTS javoblari 6 iyulda chiqishi ma’lum qilindi. Lekin ingliz tili talab qilinadigan ba’zi oliy ta’lim muassasalarida abiturientlardan hujjat qabul qilish 5 iyulda yakunlanadi. Demak, qabul tugaganidan so‘ng bu sertifikatning ahamiyati bo‘lmaydi. Keyingi yilda esa u imtiyozga ega emas. Bu jarayonda abiturient sertifikatsiz, umumiy tartibda test yechib chiqishi kerak bo‘ladi. Mutaxassislardan shu masalaga aniqlik kiritilishi so‘ralganida, ular hujjat topshirish muddatlari hukumat qarori bilan allaqachon belgilab qo‘yilgani, unga o‘zgartirish kiritib bo‘lmasligini qayd etdi.
Shundan ko‘rinib turibdiki, hali bu tizimda o‘rganiladigan, tartibga solinishi kerak bo‘lgan masalalar talaygina.
Bu boradagi yangiliklarni saytimizda berib boramiz.

 

O‘zA