Olimlar Mars sayyorasi qadimda sersuv daryolarga boy boʻlganini taxmin qilmoqda. Shu haqdagi ilmiy maqola “Science Advances” jurnalida chop etildi.
Maqolada qayd etilishicha, Chikago universiteti tadqiqotchisi Edvin Kayt boshchiligida olib borilgan oʻrganishlar natijasi Mars sayyorasi qadimda sersuv daryolarga boy boʻlgan, degan farazni ilgari surmoqda.
Taxmin haqiqatga yaqin boʻlishi mumkin. Misol uchun, Mars orbitasidan olingan suratlarda sayyora sathida uzundan-uzoq daryo oʻzanlariga oʻxshash tizimlar borligi koʻzga tashlanadi. Bundan tashqari, marsaxodlar ham faqat suv yordamida shakllanishi mumkin boʻlgan togʻ jinslarini aniqlagan.
Edvin Kayt kabi olimlar fikricha, shu kabi dalillar Qizil sayyora 2-3 milliard yil oldin sersuv daryolarga ega boʻlganini isbotlaydi.
Hozirgi kunda Marsda suv faqat muz holatida uchraydi. Vaqti-vaqti bilan sayyora sathida suyuq holatda ham suv paydo boʻlib turadi.
OʻzA