Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tamaki mahsulotlarini sport musobaqalariga homiylik qilib, reklama qilinishiga chek qo‘yish kerakligini ta’kidlamoqda.
2003 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tamaki mahsuloti iste’moliga qarshi kurashish maqsadida asosiy konvensiya ishlab chiqilgan. 2005 yilda kuchga kirgan konvensiyaga hozirda dunyoning 180 davlati a’zo bo‘lgan.
Tashkilot ekspertlarini qayd etishicha, qator mamlakatlarda tamaki mahsulotlarini sport tadbirlaridagi homiyligi va reklamasiga qo‘yilgan cheklovlarga qaramasdan, tamaki ishlab chiqaruvchi kompaniyalar sport musobaqalari, xususan “Formula-1” sport tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Sport tadbirlaridagi homiylikni qo‘lga olgan tamaki ishlab chiqaruvchi kompaniyalar reklama orqali mahsulotlarini nafaqat sport o‘yinlari o‘tkazilayotgan mamlakat, balki tashrif buyuruvchi va musobaqa tadbiri translyatsiya qilinadigan davlat ommasiga keng targ‘ibot etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
BMT, Jahon sog‘liq saqlash tashkiloti hamda qator xalqaro va milliy tashkilotlar hamkorligida tamaki mahsulotlari reklamasiga qarshi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shunga qaramasdan, yaqinda “British Amerikan Tobakko” tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyasi “Formula-1” sport musobaqalari faol ishtirokchisi “Maklaren” jamoasi bilan, “Filip Morris Interneshnl” kompaniyasi “Ferrari” avtomobil va “Dukati” motosikl ishlab chiqaruvchi kompaniyalari bilan yirik hamkorlik shartnomasini tuzgan.
Jahon sog‘liq saqlash tashkiloti ekspertlari sport musobaqalarida tamaki mahsulotlari reklamasini taqiqi yo‘lidagi harakatlarda mamlakatlar hukumatlarini mas’ul deb hisoblab, ushbu taqiq me’yori buzilgan taqdirda musobaqani efir namoyishi bekor qilinishi yuzasidan ogohlantirmoqda.
Zuhra Mirzaboeva, O‘zA