Ayni vaqtda Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda “EDU-EXPO” kompaniyasi hamkorligida yoshlarni xorijda ta’lim olish bo‘yicha keng ma’lumot taqdim etish maqsadida tashkil etilgan xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Ko‘rgazmada Angliya, Avstraliya, AQSh, Kanada, Xitoy, Malayziya, Germaniya va boshqa Yevropa davlatlarining 30 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari, Toshkent shahrida joylashgan xalqaro universitetlarning filiallari va o‘quv markazlari vakillari ishtirok etmoqda.
– Xorijda o‘qishni maqsad qilgan aksariyat yoshlar “Google”ga qidiruv beradi va ular yuzlab universitet tavsiyalariga duch keladi, – deydi “EDU-EXPO” korxonasi xalqaro bo‘lim menijeri Nasiba Raupova. – Tanlov ko‘pligida yoshlar qaysi birini tanlashni bilolmay qoladilar. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – xorij universitetlarida tahsil olish istagida bo‘lgan yoshlarga yaqindan ko‘mak berish, ya’ni universitet vakillari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilishiga imkoniyat yaratish. Biz xorijiy universitetlarni jalb etishda xalqaro reytingda kuchli mingtalikka kirganlarinigina tanlab oldik. Boisi ularning diplomlari mamlakatimizga nostrifikatsiyasiz tan olinadi. Talabalar qiziqishi ham hisobga olindi va kelgusida ko‘rgazma har yili ikki martadan o‘tkaziladi. Ko‘rgazmamizga talabalardan tashqari ularning ota-onalari ham kelib ma’lumot olishlari mumkin.
Tadbir davom etmoqda.
Inobat Ahatova, Oqil G‘ulomov (surat) O‘zA