Talabalar bogʻ yaratish maqsadida Orolboʻyiga joʻnab ketishdi

Yurtimizda bogʻ-rogʻlar, yashil hududlarning koʻpayishi atrof-muhitning barqarorligini saqlash, ekologik muvozanatni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti talabalari Orolboʻyi hududida ana shunday moʻjaz bogʻ yaratishni astoydil maqsad qildilar.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faollari, Qoraqalpogʻiston davlat universitetida tahsil olayotgan yigit-qizlar bilan hamkorlikda boshlangan loyiha “Orol va yoshlar” shiori ostida oʻtkazilib, uning doirasida “Tashabbuskor talaba-yoshlar oʻquv-ilmiy ekspeditsiyasi” tashkil etildi.
Poytaxtimizdagi Janubiy temir yoʻl vokzalidan mazkur ekspeditsiya aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga joʻnab ketdi. Mazkur ekspeditsiyadan koʻzlangan asosiy maqsad boʻlgʻusi ekolog, tuproqshunos va biologlar ishtirokida Moʻynoq tumanidagi Boʻzatov ovul fuqarolar yigʻini Shagʻrli ovuli hududidagi 2 gektar yerda Oʻzbekiston Milliy universitetining oʻquv-ilmiy maydonchasini tashkil etishdir. Bu mazkur hududda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, Orolboʻyi tuprogʻi, oʻsimliklari, suvi, uning tarkibi, xususiyatlarini puxta oʻrganishga asos yaratadi.

 

N.USMONOVA, OʻzA muxbiri