Tojikistonda xususiy AYOQSH sotilishidan tushgan mablagʻ Rogʻun GESiga sarflanadi

“Umed-88” kompaniyasining Tojikiston shimolidagi ikkitaavtomobillarga yoqilgʻi quyish stansiyasi 5 mln. 260 ming somoni ($554 mingga yaqin.)ga sotildi.
Jabbor Rasulov va Bobojon Gʻofurov tumanlardagi AYOQSHlarni sotish boʻyicha auksionlar bir yil muqaddam tashkil qilingan Tojikiston hukumati huzuridagi Ijro xizmati tomonidan oʻtkazildi.
Auksiondan tushgan pullar Rogʻun GESi qurilishiga yoʻnaltiriladi, deya maʼlum qildi 4 mart kuni Ijro xizmatining Soʻgʻd viloyatidagi boshqarmasi boshligʻi Alijon Amonzoda.
Tojikiston shimolida “Umed-88” kompaniyasining yana bir nechta AYOQSHi va neft mahsulotlari ombori bor.
“Kasodga uchragan kompaniya mulklarining umumiy bahosi taxminan 26 mln. somoni ($2,7 mln. koʻproq)ni tashkil qiladi. Boʻston shahri hududidagi 7 gektarli bogʻ bilan neft mahsulotlari omborining narxi 16 mln. 600 ming somoni turadi“, deydi Alijon Amonzoda.
2015 yilning bahorida qishloq xoʻjaligini dizel yoqilgʻisi bilan taʼminlash uchun “Umed-88“ kompaniyasi Tojikistonda AYOQSHlar tarmogʻini rivojlantirish maqsadida 19,4 million dollar miqdorida kredit olgan edi. Tojikiston Moliya vazirligi “Rogʻun GES“i OAJ va “Umed-88“ OAJ uch tomonlama kredit Bitimini imzolagan edi. Olingan kredit pullari 2015 yil oxirlarigacha qaytarilishi kerak edi, ammo qarzlar qaytarilmadi.
Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon tadbirkorlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Moliya vazirligini “Umed-88”ga tushunarsiz boʻlgan yoʻllar bilan davlat byudjetidan 170 million somoni (19,4 million dollar) berganini keskin tanqid qilganidan keyin“Umed-88” egasi Rajabali Odinayev va “Umed-88” kompaniyasi direktori Idibek Ibragimov 2017 yilning kuzida hibsga olindi. Davlat rahbarining soʻzlariga qaraganda, bu mablagʻlarni “Umed-88” OAJ ikki yildan beri qaytara olmagan.
Oʻtgan yilning 17 sentabr kuni Tojikiston Oliy sudi “Umed-88” kompaniyasi egasi Rajabali Odinayevni 24 yil muddatga koloniyaga hukm qildi. Rajabali Odinayev katta miqdorda berilgan kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish, xizmat vakolatlarini suiisteʼmol qilish, shuningdek, davlat mablagʻlarini talon-toroj qilish va oʻzlashtirishda ayblandi. Xuddi shu kabi ayblar “Umed-88” kompaniyasi direktori Idibek Ibrohimovga ham qoʻyildi. U 22 yilga hukm qilindi.
Sud hukmidan keyin kompaniyaning mulklari sotila boshlandi. Rajabali Odinayev va Idibek Ibragimovning qarindoshlari tergov vaqtida bir necha bor kompaniya va oʻzlarining shaxsiy mulklarini sotish hisobidan Moliya vazirligidan olingan qarzlarni foizlari bilan toʻlashlarini aytishgan edi. Biroq, ularning iltimoslari eʼtiborsiz qoldirildi.
“Umed-88” kompaniyasiga 1996 yilda Rajabali Odinayev tomonidan asos solindi. Kompaniya Rossiya, Qozogʻiston va Turkmanistondan yoqilgʻi olib kelish bilan shugʻullanadi. Mamlakat boʻyicha kompaniyaning 70ga yaqin AYOQSHi faoliyat koʻrsatardi.

 

OʻzA