Donald Tramp va Kim Chen In yuzma-yuz muloqotda boʻldi

Avval xabar berilganidek, bugun, 27 fevral kuni Vyetnam poytaxti Xanoy shahrida Amerika – Shimoliy Koreya sammiti boshlandi.
Kunning ikkinchi yarmida AQSH Prezidenti Donald Tramp va KXDR rahbari Kim Chen In oʻrtasida yuzma-yuz muloqot boʻlib oʻtdi. Hozircha rasmiy manbalarda uchrashuvning toʻliq tafsilotlari eʼlon qilinmagan. Ammo, sammitni kuzatayotgan xorijiy ommaviy axborot vositalarining qayd etishicha, Tramp “tet-a-tet” shaklidagi uchrashuv “yaxshi muloqot” ruhida oʻtganini maʼlum qilgan.
“Bizning munosabatlarimiz oʻziga xos”, degan AQSH yetakchisi jurnalistlarga. Trampning qoʻshimcha qilishicha, sammitning ertangi kuni juda tigʻiz oʻtadi va koʻplab masalalar hal etiladi.
RIA Novostining yozishicha, Tramp KXDRga yadroviy qurolsizlanish boʻyicha qoʻyilgan shart oʻz kuchida qolishini ham aytib oʻtgan.

 

OʻzA