INTERFAX.RU ning xabar berishicha, AQSH senatorlaridan bir guruhi Rossiyaning terrorizmga homiylik qilishiga aniqlik kiritish taklifi bilan chiqdi.
Senatning tashqi ishlar qoʻmitasi tomonidan tarqatilgan xabarda senatorlar “davlat departamenti Rossiyani “terrorizmga homiy davlat” deb hisoblash uchun maʼlum mezonlarga mos kelishiga aniqlik kiritishi lozim” deb hisoblaydi.
Shuningdek, ular AQSH maʼmuriyatidan Rossiya Prezidenti aktivlari hamda rossiyalik oppozitsioner Boris Nemsov oʻlimi holati boʻyicha maʼruza tayyorlashni soʻragan.
Senat aʼzolari “ichki ishlariga Kreml tomonidan aralashuvdan aziyat chekkan Yevropa mamlakatlariga“ yordam koʻrsatuvchi maxsus jamgʻarma faoliyatini tiklashni talab etmoqda.
Hujjatda davlat departamentining sanksiyalarni joriy etish harakatlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy tuzilmasini kuchaytirish zarurligi ham aytib oʻtilgan.
Bu takliflarning barchasi besh senatordan tashkil topgan guruh tomonidan Senatga taqdim etilgan qonun loyihasida oʻz aksini topgan.
Eslatib oʻtamiz, bir oz ilgari AQSH senatorlari Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar toʻgʻrisidagi qonun loyihasini taqdim etgan edi.
OʻzA