Turkiyada Oʻzbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi

Oʻzbekistonning turizm salohiyati Turkiyaning Istanbul shahridagi yirik EMITT-2019 Sharqiy-Oʻrta yer dengizi, sayohat va turizm xalqaro koʻrgazmasida namoyish etildi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi axborot xizmatining maʼlumotiga koʻra, mazkur tadbir dunyoning eng yaxshi sayyohlik koʻrgazmalarining beshtaligiga kiradi va har yili sohadagi 50 mingdan ortiq professionallarni jalb etadi.
4.jpg
“Tuyap Fair Convention and Congress Center” Istanbul koʻrgazmalar zalining pavilonida namoyish etilgan milliy stend Oʻzbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK hamda mamlakat sayyohlik tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida turizm – har bitta davlatning iqtisodiyotda yetakchi yoʻnalish ekanligi taʼkidlandi. Mazkur nufuzli yarmarka yangi hamkorlar bilan uchrashib, turizm sohasidagi soʻnggi yangiliklar va tendensiyalar haqida koʻproq bilish, bozor yoʻnalishlarini oʻrganish imkonini berishi qayd etildi.
Tadbir doirasida tashkilotchilar bilan EMITT FORUM tashkil etilib, unda turizm sanoatining dunyoviy va mintaqaviy masalalari muhokama etildi.
Koʻrgazmaning toʻrt kunlik dasturi doirasida tadbir ishtirokchilari oʻrtasida panel sessiyalar va B2B ishchi uchrashuvlarini oʻtkazish ham rejalashtirilgan.

 

Davron Sunnatov, OʻzA