SHHT Bishkek sammitiga tayyorgarlik koʻrmoqda

Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Vladimir Norov Qirgʻizistonning Xitoydagi Favqulodda va muxtor elchisi Kanayыm Baktыgulova bilan uchrashdi.
SHHT matbuot xizmati xabarida keltirilishicha, unda Vladimir Norov Qirgʻiziston Respublikasi boshchiligida amalga oshiriladigan tadbirlar, xususan, SHHTning Bishkek sammitini muvaffaqiyatli oʻtkazish tashkilotning hozirgi kundagi dolzarb masalalaridan biri ekanini taʼkidlagan.
– Kotibiyat sammit doirasidagi barcha loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishda Qirgʻiziston bilan hamkorlik qilishga tayyor, – deydi Vladimir Norov Kanayыm Baktыgulovaga shartnoma loyihalarining yangi roʻyxatini taqdim etish jarayonida.
Bundan tashqari, Bosh kotib SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, kotibiyat faoliyatini tahliliy koʻrib chiqish va sammitni oʻtkazish jarayonlarida maslahat kengashini tuzish yuzasidan maʼlumotlar berdi.
Elchi Kanayыm Baktыgulova Vladimir Norovning Bishkek sammitini muvaffaqiyatli oʻtkazish, hujjatlarni muvofiqlashtirish va targʻibot ishlaridagi faoliyatini alohida eʼtirof etib, unga minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, elchi sammitni oʻtkazishda Qirgʻiziston hukumati tomonidan olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari yuzasidan maʼlumotlar berib oʻtdi.
Samimiy va doʻstona muhitda oʻtgan uchrashuvda kun tartibidagi qator masalalar muhokama qilindi.

 

Z.Mirzaboyeva, OʻzA