2018 yilning soʻnggi choragi yakunlari boʻyicha 104 ta davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻrtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish samaradorligi reytingi oʻtkazilib, unda Davlat soliq qoʻmitasi eng yuqori koʻrsatkich — 98,44 ball bilan 1-oʻrinni egalladi.
Ushbu baholash tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2014 yildan buyon Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi ekspertlari tomonidan har chorakda oʻtkaziladi.
Maʼlumki, davlat organlari faoliyati — davlat hokimiyati va boshqaruvi organi faoliyatida rasmiy veb-sayt va interaktiv davlat xizmatlarini koʻrsatish darajasi; axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari darajasi; axborot xavfsizligi darajasi; tashkiliy jihatdan baholash singari koʻrsatkichlarga muvofiq baholanadi.
Reyting vazirlik va tashkilotlarda AKTni joriy etish holatini tahlil qilish, bu boradagi toʻsiqlarni aniqlash, ularni bartaraf etish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda yordam berish, AKTni kengroq joriy etish va rivojlantirish uchun ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha takliflarni tayyorlash maqsadida yuritilmoqda.
Davlat soliq qoʻmitasi rahbariyati tomonidan AKTni rivojlantirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgani, soliq organlarida telekommunikatsiya holati, moddiy-texnika resurslarining tartibga solingani va axborot xavfsizligining ishonchliligi, maʼlumotlarni qayta ishlash markazi va soliq organlaridagi dasturiy mahsullar, idoralararo oʻzaro hamkorlik tizimlarining uzluksizligi hamda samaradorligining yuqoriligi ushbu reytingda yuqori natijani qoʻlga kiritishida muhim oʻrin tutdi. Rasmiy veb-sayt va soliq toʻlovchilarga koʻrsatilayotgan interaktiv xizmatlar sifati esa ekspertlar tomonidan alohida eʼtirof etildi.
Endilikda Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan rasmiy saytni modernizatsiya qilish, smartfonlar uchun moʻljallangan mobil ilova va maxsus telegram botni ishga tushirish, onlayn nazorat kassa mashinalari hamda elektron hisobvaraq-fakturalarni amaliyotga keng joriy etishda zamonaviy AKTning eng soʻnggi yechimlaridan unumli foydalanish maqsad qilingan.
OʻzA