Oʻzbekiston xalq artisti Poʻlat Saidqosimov vafot etdi

Mazkur xabarni Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati tasdiqladi.
Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida filmga tushayotgan taniqli aktyor, Oʻzbekiston xalq artisti Poʻlat Saidqosimovning toʻsatdan tobi qochib, shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar bergan edik.
Poʻlat Saidqosimovni 15 yanvar kuni kechqurun qorin sohasidagi ogʻriq bezovta qila boshlaydi. Bemor tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, birinchi tibbiy yordam koʻrsatilib, vrachlar tomonidan toʻliq koʻrikdan oʻtkazilishi uchun shifoxonaga yotqizilishi kerakligi toʻgʻrisida tavsiya beriladi, lekin bemor yaxshi boʻlib qolaman doimgi boʻlib turadigan ogʻriq deb unamaydi. Bemorda 16-yanvar kuni qorin sohasidagi ogʻriq qaytalangandan soʻng soat 16:10 da Qoʻqon shahar shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasining xirurgiya boʻlimiga yotqiziladi. Qoʻqon shahar shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasi xirurglari tomonidan bemor koʻrilib, bemorda “Oʻtkir ichak tutilishi” tashxisi qoʻyiladi.
Bemorga shoshilinch operatsiya oʻtkazilishi va buning uchun bemorni qisqa muddatli tayyorlovdan oʻtkazilishi tavsiya etilgan, lekin bemor va uning qarindoshlari bemorni Toshkent shahriga olib borish imkoniyatini yaratib berilishini iltimos qilishgan.
Shundan soʻng mutaxassislarni konsiliumi tashkil etilib, bemorni transportda Toshkent shaxrigacha maxsus reanomobilda olib borilishi mumkinligi va uning hayotiga xavf tugʻdirmasligi kafolatlangandan soʻng bemorni Toshkent shahriga Respublika shoshilinch tibbiy yordami ilmiy markaziga olib borildi. P.Saidqosimov jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan.
Markazda malakali mutaxassislar tomonidan operatsiya amaliyoti amalga oshirilgan, biroq bemorning hayotini saqlab qolishning imkoni boʻlmagan.

 

OʻzA