Bugun mahalliy bozorda sotilayotgan oʻsimlik yogʻi asosan xorijda ishlab chiqariladi. Shu bilan birga Oʻzbekiston yogʻ-moy tarmogʻi ushbu mahsulotga boʻlgan talabning katta qismini qoplashga qodir ulkan ishlab chiqarish quvvatlariga ega.
Mamlakatimizda yogʻ-moy tarmogʻini rivojlantirish, aholi ehtiyojini yanada toʻlaroq qondirish maqsadida ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va tayyor mahsulot assortimentini koʻpaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 16 yanvardagi “Yogʻ-moy tarmogʻini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar va sohani boshqarishda bozor mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida“gi qarorida belgilab qoʻyilganidek, haqiqiy holat shuni koʻrsatadiki, yogʻ-moy tarmogʻini boshqarish yagona tizimining yoʻlga qoʻyilmaganligi, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini nazorat qilish mexanizmining samarasizligi bilan bogʻliq muammolarning mavjudligi ilgʻor texnologiyalarni oʻzlashtirishga, investitsiyalarni jalb qilish va tarmoqning jadal rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Shu bilan bir qatorda xom ashyo bazasining chegaralanganligi muammosi oqibatida tarmoq korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 50 foizdan oshmaydi, bu davlat ishtirokidagi yogʻ-moy korxonalari faoliyatining samaradorligi va raqobatbardoshligi pasayishiga olib kelmoqda.
Iqtisodiyotda davlatning ishtirokini yanada qisqartirish, respublika yogʻ-moy tarmogʻining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish uchun sharoit yaratish ushbu masalalarning yechimi boʻlishi mumkin.
“Oʻzpaxtayogʻ” AJ negizida Oʻzbekiston Respublikasi yogʻ-moy sanoati korxonalari uyushmasini tashkil etish bu yoʻnalishdagi birinchi qadamlardan biri boʻladi. Yogʻ-moy xom ashyolarini qayta ishlash va yogʻ-moy mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha yagona kompleks sifatida yogʻ-moy sanoatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, shuningdek, tarmoqqa zamonaviy bozor munosabatlarini keng joriy qilish uning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Uyushma aʼzolariga imtiyozlar taqdim etiladi. Xususan, 2021 yilning 1 yanvariga qadar ular oʻsimlik yogʻini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan yogʻ-moy xom ashyolarini mamlakatga olib kirishda bojxona toʻlovlari va import qilingan yogʻ-moy xom ashyolari hisobidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar boʻyicha qoʻshimcha qiymat soligʻi toʻlovlaridan ozod etiladi. Bundan tashqari, ular 2020 yilga qadar uskunalar va boshqa ayrim materiallar importida bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashni 90 kunga kechiktirish imkoniyatiga ega boʻladi.
“Oʻzpaxtayogʻ” AJ faoliyatini tugatish bilan bogʻliq tadbirlar doirasida uning tuzilmasi tarkibiga kiruvchi barcha kompaniyalarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga topshirish koʻzda tutilgan. Ularning 25 tadan 23 tasi aksiyalari nazorat paketi davlatga tegishlidir. Oʻz navbatida, agentlik koʻlga kiritilgan aksiyalar paketini savdoga qoʻyadi, ularni baholash va boshlangʻich narxini belgilash jarayonlarining shaffofligini taʼminlaydi. Bu ish 2019 yilning 1 sentyabriga qadar davom ettirilishi zarur.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Yogʻ-moy sanoati korxonalari uyushmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan hamkorlikda mamlakatimiz yogʻ-moy korxonalarining uzluksiz faoliyatini taʼminlash uchun zarur boʻlgan xom ashyo bazasiga ega yetakchi yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va investorlarini jalb qilish bilan shugʻullanadi.
Shuningdek, mahalliy yogʻ-moy tarmogʻini rivojlantirish maqsadida tayyor oʻsimlik yogʻi importini bosqichma-bosqich qisqartirish va mahalliy kompaniyalar tayyor mahsulotni ishlab chiqarishi uchun zarur yogʻ-moy xom ashyosi importini koʻpaytirish koʻzda tutilgan.
Shu bilan bir qatorda mamlakatda muqobil yogʻ-moy ekinlari hajmini koʻpaytirish rejalashtirilmoqda.